TOShKENT, 27 yanv - Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Davoss forumining ochilish marosimida onlayn nutq so‘zladi.
O‘z so‘zida Rossiya prezidenti bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan global jarayonlar va muammolar, koronavirus pandemiyasi va vaksina yaratish masalalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Vladimir Putin aytishiga qaraganda, 2020-yilda sodir bo‘lgan COVID-19 pandemiyasi insoniyat uchun misli ko‘rilmagan chaqiriq bo‘lgan. Koronavirus tufayli butun dunyoda iqtisodiy va ijtimoiy muammolar keskinlashgan.
Birinchi navbatda, bunga sabab - iqtisodiy muammolar. Kambag‘al davlatlar va jamiyatning daromadi kam bo‘lgan qatlami pandemiya oqibatida yanada og‘ir ahvolga tushib qolishi oqibatida norozilik darajasi keskin oshib bormoqda. Bu esa kelajakda davlatlarni, jamiyatlarni parchalanishiga, barchaning barchaga qarshi urushi boshlanishi mumkin.
Rossiya prezidenti fikriga ko‘ra, dunyoda so‘nggi bir necha o‘n yillikda olib borilgan globalizatsiya jarayonlari – faqat Amerika va Yevropaning yirik korporatsiyalari daromadi oshishiga olib kelgan. Dunyodagi eng yirik raqamli kompaniyalar esa hukumatlar bilan raqobat qilish darajasiga yetgan.
“Insoniyat tarixida turli davlat va jamiyatlar orasida raqobat, kurash, manfaatlar to‘qnashuvi hech qachon to‘xtamagan, lekin pandemiya kabi barcha uchun og‘ir bo‘lgan davrlarda – barcha davlatlar sa’y-harakatlarini birlashtirishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Menimcha hozir aynan ana shunday vaqt”, - dedi Putin.
Bunday hamkorlik, xususan koronavirusga qarshi vaksina yaratish sohasida yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Koronavirusga qarshi vaksinani barcha davlatlarga, jumladan Afrika davlatlariga ham yetkazib berish kerak.
Ikkinchidan, badavlat davlatlar kambag‘al davlatlar bilan maslahatlashgan holda migratsiya muammolarini ham hal qilishi mumkin.
Rossiya prezidenti, shuningdek “bir cho‘qqili dunyo” qurishga bo‘lgan urinish davri tugaganini ma’lum qildi. Ushbu vaziyatda global mojaroga yo‘l qo‘yilsa – insoniyat sivilizatsiyasi yo‘q bo‘lib ketishi xavfi juda katta.
Bugungi kunda davlatlar bir biri bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlar kerak. Ana shunda barcha siyosiy, iqtisodiy va gumanitar muammolarni yengish mumkin bo‘ladi, deydi Putin.
Nutq so‘nggida Rossiya prezidenti Yevropa davlatlariga o‘tgan zamon qo‘rquvlaridan voz kechib Rossiya bilan to‘laqonli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.