TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda elektr energetika sohasidagi mavjud standartlar xalqaro standartlar asosida bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, prezidentning tegishli qarori bilan Fransiyaning “Assystem Engineering and Operation Services S.A.S” korxonasi bilan “Uzassystem” loyiha instituti tashkil etilgan.
Energetika vazirligi boshchiligida ishlab chiqaruvchilar, ekspluatatsiya qiluvchi korxonalar hamda loyiha institutlarining yetakchi mutaxassislarini jalb qilgan holda 4 ta ishchi guruh tashkil etilgan. Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, podstansiyalar, rele himoyasi va ma’lumotlar almashinuvi hamda elektromagnit moslashuvchanlik yo‘nalishidagi 700 dan ortiq standartlar ko‘rib chiqilgan.
Ushbu standartlardan zamon talablariga to‘g‘ri kelmaydigan 536 tasi xalqaro standartlarga almashtirish bo‘yicha “O‘zstandart” agentligiga taklif kiritilgan.
“Shuningdek, 2021-yilda ham ushbu ishlar davom ettirilib, past kuchlanishli elektr tarmoqlari, quyosh va shamol elektr stansiyalarini tarmoqqa ulash yo‘nalishlari bo‘yicha standartlar ko‘rib chiqilib zamon talablariga moslashtiriladi”, - deyilgan xabarda.
Ushbu standartlarni qabul qilinishi elektr energetika obyektlarini loyihalash, qurish va ekspuatatsiya qilishni texnik boshqarishda sarf xarajatlarning optimallashtirilishiga hamda elektr tarmoqlarining ishonchliligining oshishiga imkon berishi aytilmoqda.