TOShKENT, 23 yanv - Sputnik. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQShning Rossiyadagi noqonuniy aksiyalar haqidagi bayonotiga keskin javob qaytardi.
Rossiya TIV AQSh elchixonasining RFdagi kelishilmagan aksiyalar bo‘yicha bayonotiga izoh berar ekan, amerikalik hamkasblarni boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmay, shaxsiy muammolari bilan shug‘ullanishga chaqirdi.
Sal avval amerika dipmissiyasi Rossiyadagi noqonuniy aksiyalar haqidagi xabarlar fonida, "Rossiyaning 38 shahridagi norozilik aksiyalari haqidagi xabarlarni kuzatib borayotgani" haqida bayonot qilgan edi. AQSh elchixonasi shuningdek, "odamlarning tinch noroziliklar, fikrni erkin bildirish huquqlarini qo‘llab-quvvatlashini", Rossiya hukumati ko‘rgan choralar esa "ushbu huquqlarni bostirishga qaratilganini" qo‘shimcha qilgan.
Sal avval Vashingtonda ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergan, u yerda politsiya AQSh prezidentligiga saylovlar natijalaridan norozi bo‘lganlarni hibsga olgan edi.
Ammo bu voqealarga AQSh elchixonasi tomonidan hech qanday izoh bo‘lmagan.
"O‘z muammolaringiz bilan andarmon bo‘ling va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishni bas qiling", - deyiladi Rossiya tashqi siyosiy mahkamasining Facebookdagi xabarida.
RF TIV 6-yanvar kuni Vashingtonda manifestatsiyalar va Kapitoliy shturmi ro‘y berganida Moskvadagi AQSh elchixonasi hech qanday bayonot e’lon qilmaganini, "o‘z fuqarolarini tinch noroziliklarga" motivatsiya qilmaganini, tartibsizliklar vaqtida yuz bergan qotilliklar va yuzdan ortiq insonlarning hibsga olinganini qoralamaganini qayd etib o‘tgan. Aksincha, Rossiya TIV xabariga ko‘ra, sal o‘tib, AQShning Rossiyadagi elchisi yuz bergan voqealarni "jinoiy bosqinchilik", deb atagan.
"Politsiya namoyishchilarga o‘q uzishni boshlab, hukumatingiz tufayli tinch noroziliklar notinch noroziliklarga aylanib ketganini butun sayyora ko‘rib turdi. So‘ngra esa, AQSh hukumati amerikaning tinch norozichilari harakatlarini "demokratiyaga tajovuz", deya atadi. Ikkiyuzlamachilik - amerika diplomatiyasining instrumenti, u ayniqsa kovid-epidemiya vaqtida o‘ta xavfli tus oldi", - deyiladi RF TIV bayonotida.
Rossiya IIV va Bosh prokuraturasi Moskva va boshqa shaharlarda 23-yanvar kuni rejalashtirilgan sanksiyalanmagan akyiyalarning tashkilotchilari bilan bir qatorda oddiy ishtirokchilarini ham javobgarlik haqida bir necha marotaba ogohlantirgan edi. Noqonuniy aksiyalar provokatsiya, jamoat tartibiga tahdid sifatida baholanadi va "shu paytning o‘zida bostiriladi".
Parallel ravishda Bosh prokuratura internetda tarqatilayotgan shu xildagi tadbirlarga kelish haqidagi chaqiriqlarni bloklashni talab qildi, bunday da’vatlar qonunda ta’qiqlangan. Prezident matbuot-kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bunday aksiyalarga "ma’lum fitnachilar" da’vat qilmoqda, va ularning harakatlari maqsadi Kremlga "yaxshi ayon".
Maktab o‘quvchilariga alohida e’tibor qaratilmoqda – ota-onalardan bolalarni bu singari aksiyalardan chetlatish so‘ralmoqda. Talabalarga ham xuddi shunday murojaatlar bilan murojaat qilingan, bu singari tadbirlarda talabalarning ishtirokiga "ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan turlicha baho berilishi mumkin".
RIA Novosti bilan suhbatda Moskvadagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Olga Yaroslavskaya ham "bolalarning siyosiy o‘yinlarga jalb etilishi"ga keskin qarshi chiqqan. Ayol so‘zlariga ko‘ra, bolalar sal ulg‘aygach, u yoki bu harakatlar zamirida nima yotganini tushunib oladilar.
Rossiya shaharlari hukumatlari sal oldin ommaviy tadbirlarga ruxsat berilmaslikni koronavirus tufayli yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat bilan tushuntirgan edilar.