TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Markaziy bank 2020-yil eng ko‘p qimmatlashgan oltita oziq-ovqat mahsulotlarini ma’lum qildi.
“Xususan, kartoshka narxi – 42 foizga, tuxum – 38 foizga, o‘simlik yog‘i – 27 foizga, shakar – 21 foizga, go‘sht mahsulotlari – 18,1 foizga va non mahsulotlari – 15,2 foizga qimmatlashdi”, - deyilgan bank hisobotida.
Ta’kidlanishicha, yaqin istiqbolda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi xatarlardan biri sifatida qolmoqda.
"Proteksionistik siyosat, eksportorlar tomonidan asosiy oziq-ovqat tovarlari eksporti bo‘yicha cheklov choralarining (kvota va tariflar) kiritilishi asosiy oziq-ovqat tovarlari importining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, oziq-ovqat bozorlari barqarorligini oshirish ko‘p jihatdan respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kompleks strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishga bog‘liq bo‘ladi”, - deya qo‘shimcha qilingan hisobotda.
Bank ekspertlarining fikriga ko‘ra, ichki bozorni zaruriy tovarlar hajmi bilan ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish, shu jumladan, bazaviy oziq-ovqat tovarlari importi geografiyasini diversifikatsiya qilish va konsentratsiyalashuvini qisqartirish muhim ahamiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat statistika qo‘mitasi 2020-yil davomida narxi eng ko‘p oshgan oziq-ovqat mahsulotlar borasida ma’lumotlarni e’lon qilgan edi.