Mirziyoyev: yangi O‘zbekistonni barpo etish ustunlaridan biri - kuchli ma’naviyatdir

Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ishini tanqidiy o‘rganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi aytildi.
Sputnik
TOShKENT, 19 yanv - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mirziyoyev: ba’zi rahbarlar matbuotchilar bilan muloqotda ma’naviyatni unutib qo‘ymoqda
"Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda. – Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat. Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan", – dedi Mirziyoyev.
Ma’lumki, bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar to‘qnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortmoqda. Faqat o‘zini o‘ylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, iste’molchilik kayfiyati turli yo‘llar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilyapti.
Markaziy Osiyo mamlakatlari axloq yo‘qolishi holatiga to‘qnash keldi — Jeenbekov
Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Ba’zi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda.
Bunday tahlikali vaziyatda hushor va ogoh bo‘lib, xalq tinchligi, mamlakat manfaatlarini o‘ylab yashash zarur.
Davlat rahbari loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun nuroniylar tarbiyasi, jamoatchilik nazorati yetishmayotganini ta’kidladi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, ijtimoiy-ma’naviy muhitni ilmiy asosda tahlil qilishni davrning o‘zi talab etmoqda. Jamiyatda ma’naviy-ma’rifiy ishlar shunday asosda yo‘lga qo‘yilmagani uchun ham kutilgan natijani bermayapti.
Shuning uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ishini tanqidiy o‘rganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi aytildi.
Prezident ushbu markazning "Ma’naviyat targ‘ibotchisi" o‘quv muassasasi negizida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifini bildirdi.
Yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari belgilandi.