Jizzaxda yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismi qulab tushdi – hozir nimalar ma’lum

3-6 qavatlari 11 ta xonadondan iborat bo‘lgan binoning 240 kv.m. iborat bo‘lgan 7 ta xonadoni qulab tushgan. Voqea natijasida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
Sputnik
TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Jizzax shahrining Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismi 10-yanvar kuni soat taxminan 17:15 da qulab tushdi.
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining birlamchi ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanishga topshirilmagan mazkur bino 6 qavatli bo‘lib, xususiy tadbirkor tomonidan ustki 4 qavati yashash uchun turarjoy, pastki 2 qavati noturarjoy, ya’ni do‘kon sifatida qurilayotgan bo‘lgan.
Bosh prokuraturaning aniqlik kiritishicha, 3-6 qavatlari 11 ta xonadondan iborat bo‘lgan binoning 240 kv.m. iborat bo‘lgan 7 ta xonadoni qulab tushgan.
Qarshida yangi qurilayotgan mehmonxona qulab tushdi - tafsilotlar
FVV va Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, voqea natijasida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, hozirda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.
Binoning qulash sabablarini aniqlash borasida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan binoning qulab tushishi sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzildi. Unga bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarlik qiladi.
Komissiya tarkibiga Prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va boshqa vazirliklar, idoralar, ekspertlar hamda loyiha tashkilotlari kiritilgan.
Ushbu Hukumat komissiyasi zimmasiga, 6-qavatli  uyning qulab tushish sabablari, bunga omil bo‘lgan holatlar, loyiha hamda pudratchi tashkilot tomonidan uyning barpo etilishi davrida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilganligi, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaldagi normativ-meyoriy huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqib, taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.
Hukumat komissiyasi kechaning o‘zidan o‘z ishini boshlagan.