TOShKENT, 24-iyun - Sputnik. Qarshi shahrida yangi qurilayotgan mehmonxona konstruksiyasi qulashi oqibatida bir ishchi halok bo‘ldi, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Xabarda ta’kidlanishicha, kuni kecha mahalliy vaqt bilan 21.30-da yangi qurilayotgan besh qavatli mehmonxonaning ko‘tarib turuvchi temir-beton konstruksiyasi qulab tushgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir ishchi hodisa joyida halok bo‘lgan.
Qurilish vazirligi sal o‘tmay ushbu obyekt noqonuniy qurilish bo‘lgani haqida rasmiy bayonot e’lon qildi.
Vazirlik aniqlik kiritishicha, Qarshi shahar I.Karimov ko‘chasidagi "Nasaf Travel" mehmonxonasi binosining o‘ng tomonidan qo‘shimcha qurilayotgan 5 qavatli yangi qurilishi yakunlanmagan binoning tom qismidagi beton plita qulab tushgan.
Qashqadaryo viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish ishlari ushbu obyektidagi qurilish ishlari noqonuniy olib borilganini ochiqlagan.