TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga Tog‘li Qorabog‘da vaziyatni tartibga solishning asosiy yo‘nalishlariga oid yangi qadamlarni muhokama qilishni taklif qildi, deb yozadi RIA Novosti.
“Bugun avvalo o‘tgan yil yil 9-noyabrdagi qo‘shma bayonotda belgilangan tartibga solishning asosiy yo‘nalishlarining keyingi qadamlarini belgilab olish muhim bo‘lgan bo‘lardi. Tinchlikparvar kuchlar faoliyati, demarkatsiya chizig‘iga aniqlik kiritish, gumanitar muammo va madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bilan bog‘liq masalalarni nazarda tutapman”, - dedi Putin Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan bilan uchrashuvda.
Rossiya yetakchisi mintaqada iqtisodiy, savdo va transport aloqalarini, chegaralarni ochish muhim ahamiyatga molik ekanini ta’kidladi.
“Bu masalalar bilan Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston bosh vazir o‘rinbosarlari raisligidagi uch tomonlama ishchi guruh shug‘ullanishi mo‘ljallanmoqda”, - dedi u.
Putin muzokaralar amaliy muhitda o‘tishiga va mintaqada mustahkam tinchlik, xavfsizlik va ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Rossiya prezidenti Qorabog‘ bo‘yicha kelishuvlar izchil amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Bu janjalni adolatli ravishda tartibga solishga zamin yaratishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan 11-yanvar kuni Moskvada Rossiya prezidenti, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tishi xabar qilingan edi.