Kunduzgi “fara”larni yoqib yurish bo‘yicha talab bekor qilindi

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori asosida barcha avtomototransport vositalari uchun yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanish talabi bekor qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 17 dek — Sputnik.  17 dekabr sanasida keng jamoatchilikning fikrini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 796-son qarori qabul qilindi.

Birinchi yanvardan avtomobillar kunduzgi chiroqlarini yoqib yurishlari shart – Hukumat qarori

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori asosida barcha avtomototransport vositalari uchun yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanish talabi bekor qilindi.

Endilikda mazkur talab faqatgina quyidagi 6 ta holat bo‘yicha majburiy etib belgilandi:

- transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;

- yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobus va yo‘nalishli transport vositalarida;

- bolalar guruhini tashkiliy tashishda;

- xavfli, katta o‘lchamli va og‘ir vaznli yuklarni tashishda;

- mexanik transport vositalarini shatakka olishda;

- motosikl va mopedlarda.

Ushbu talablar yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘ini asrashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi tahrirga asosan kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi haqidagi qoida 2021-yil 1-yanvardan kuchga kirishi lozim edi.