TOShKENT, 29 noya — Sputnik. AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek O‘rinov elektr tarmoqlaridagi uzilish holatlari yuzasidan ma’lumot taqdim etdi.
O‘rinov elektr ta’minotidagi uzilishlarning asosiy sabablari nimada ekanligi haqidagi savolga javob berdi.
“Asosan 2 ta yirik omil mavjud. Birinchisi, bu elektr tarmog‘iga turli texnik va iqlim sharoitlari bilan bog‘liq ta’sirlar. Masalan, tarmoq simlariga daraxt shoxlari yoki sim arqonlarining tegishi, qurilish ishlarida yo‘l qo‘yiladigan ehtiyotkorsizlik tufayli ta’sir, kuchli shamol va yomg‘irlar ta’sirida, elektr uskuna va jihozlarining eskirishi tufayli nosoz holga kelishi yoki 200 ta xonadonga mo‘ljallangan transformatorlarga 300–400 ta xonadonning ulanishi oqibatida kelib chiqadigan nosozliklar. Ikkinchisi, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi tafovut tizimning yaxlitligiga, barqaror faoliyatiga salbiy ta’sir etganda ma’lum texnik shartlar asosida tarmoqdan jadvalli uzishlar sodir bo‘lishi mumkin”, - dedi u.
Ulug‘bek O‘rinov nosozliklar bartaraf etilayotgan paytda xavfsizlik texnikasi talablariga muvofiq tarmoqqa ulangan iste’molchilar vaqtincha tarmoqdan uzilib turilishini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, elektr ta’minotida muvozanatni saqlash mahalliy dispetcherlar va Milliy dispetcherlik markazi dispetcherlari tomonidan amalga oshiriladi.
Nima uchun dispetcher iste’molchilarni tarmoqdan uzishga majbur bo‘ladi?
Ta’kidlanishicha, iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi muvozanatning yo‘qolishi tizimga jiddiy iqtisodiy zarar va uzoq muddatli o‘chishlarga sabab bo‘ladigan avariya holatlariga olib keladi. Shunga ko‘ra tizim dispetcheridan juda qisqa vaqtda keskin chora ko‘rish talab etiladi.
Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishi kuzatilgan paytda, masalan, yozdagi jazirama yoki qishdagi sovuq ob-havoda hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya balansini ta’minlash juda qiyin vazifa bo‘lib qoladi.
“Tabiiyki, bunday vaziyatda qator nosozliklar, ya’ni yirik avariyalar oqibatida ko‘psonli iste’molchilar yoppasiga tarmoqdan avtomatik tarzda o‘chishining oldini olish uchun elektr energiyasi ta’minotida cheklovlar joriy etilishiga majbur bo‘linadi”, - dedi u.
Dispetcherlik markazi tomonidan energotizimda muvozanat saqlash jarayoni o‘z vaqtida ta’minlamasa, tizimdagi “zo‘riqish” turli yirik avariyalarga sabab bo‘lib, katta-katta hududlarda uzoq vaqt elektr energiya bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi.
Xabarda bunday nosozlik holatlarining iqtisodiy zararlari ham birmuncha katta mablag‘larga teng ekanligi urg‘ulangan.