TOShKENT, 25 noya - Sputnik. Farg‘onalik o‘smir dollarni bank muassasasida almashtirmaslik oqibatida talonchilar hujumiga uchradi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti.
Xabarda aytilishicha, hodisa 19-noyabr kuni kunduzi ro‘y bergan.
17 yoshli Jaloliddin noma’lum shaxslarga - dollarfurushlarga 300 AQSh dollarini so‘mga almashtirib berish iltimosi bilan murojaat qilgan. Dollarfurushlar yigitchaning qo‘liga 150 ming so‘m pul berib, undan 300 AQSh dollarini olib, qolgan pullarni avtomashinadan olib berishini aytishgan va "Spark" avtomashinasiga o‘tirib, qochib ketishgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida, uddaburro dollarfurush ushlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u 22 yoshli Shavkat ismli yigit bo‘lib, tergovga qadar tekshiruv jarayonida bu ishni shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan "Islom" va "Elor" ismli hamtovoqlari bilan oldindan til biriktirgan holda amalga oshirgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro Shavkat M., hamda boshqa noma’lum shaxslarga nisbatan Qo‘qon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi "v" bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, Shavkat M., gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Shavkatjon M., ning jinoiy sheriklarini shaxsini aniqlash maqsadida, tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.