TOShKENT, 17 noya - Sputnik. Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan chet el valyutasi miqdori 3,7 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, avvalgi yilning mos davriga nisbatan 25 foizga yoki 744 mln. dollarga oshdi. Bu haqda Markaziy bank axborot-xizmati ma’lum qilgan.
Jismoniy shaxslar tomonidan banklarda sotib olingan valyuta hajmi esa 3,3 mlrd. dollarga teng bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 barobar oshdi (2019 yilning mos davrida – 1,2 mlrd. doll.).
Bunda ushbu mablag‘larning 79 foizi aholi tomonidan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd ko‘rinishda hamda 21 foizi yoki 687 mln. doll. muqobil tartibda (onlayn konversiya, avtomatlashtirilgan ayirboshlash bankomatlari va hokazo) xarid qilingan.
Natijada ushbu operatsiyalar bo‘yicha ijobiy saldo (sof taklif) 350 mln. dollarga yetdi.