TOShKENT, 20 okt - Sputnik. Belarus hukumati 22-oktabrdan chet elliklarga 24 soat davomida respublika hududidan COVID-19 koronavirusi yo‘qligi haqidagi ma’lumotnomasiz tranzitni amalga oshirishga ruxsat berdi. Bu haqda seshanba kuni mamlakat chegara qo‘mitasi matbuot-xizmati xabar berdi.
"22 oktabr 00:00dan Belarusdan tranzit o‘tayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga chegarada COVID-19 mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnoma kerak bo‘lmaydi. Shuningdek, bu shaxslarga o‘n kunlik o‘z-o‘zini yakkalash tartibi ham daxl qilmaydi", - deyiladi xabarda.
Yuqoridagi holatda Belarus orqali tranzitni amalga oshirayotgan shaxs Belarusdan 24 soat ichida tranzit o‘tishini hujjat bilan tasdiqlashi kerak bo‘ladi. O‘tish hujjati (chipta), Belarus tranzit vizasi, shaxs yo‘l olgan mamlakat organi (tashkiloti)ning rasmiy taklifnomasi, sog‘lomlashtiruvchi muassasaga yo‘llanma va boshqa hujjatlar shunday hujjat sifatida qaydga olinishi mumkin.
24 soatlik tranzitni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lmagan fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham Belarusga ma’lumotnomasiz va o‘z-o‘zini yakkalash shartiga amal qilmagan holda kirib kelishlariga ruxsat beriladi. Ammo bu holatda chegara xizmatchilari mamlakatga kirib kelgan shaxsga "tashrif buyuruvchi anketasi"ni berishadi. Unda mehmon "Belarus Respublikasi orqali 24 soatdan oshmaydigan tranzit" yozuvini qoldirishi lozim bo‘ladi.
Shaxs ushbu anketani o‘zida saqlashi va mamlakatdan chiqib ketayotganida chegara xizmatchisiga taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Qayd etilishicha, 24 soat ichida mamlakatdan chiqib ketishga ulgurmaydigan shaxslar chegarada koronavirus yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishlari kerak bo‘ladi. Bunday ma’lumotnomani olish uchun sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy tashkilotlariga murojaat qilish talab etiladi, deb ta’kidlangan xabarda.