TOShKENT, 1 sen — Sputnik. O‘zbekiston barcha turdagi xalqaro qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, komissiya qarori bilan koronavirus pandemiyasi davrida muntazam xalqaro aviaqatnovlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik yo‘riqnoma tasdiqlanmoqda.
“Shu bois, tegishli soha mas’ullariga barcha turdagi xalqaro qatnovlarni (avia, temir yo‘l va avtomobil) tiklash bo‘yicha xorijiy malakatlar bilan muzokaralar o‘tkazgan holda qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi”, - deyilgan xabarda.
Mazkur vaqtinchalik yo‘riqnoma 2020-yil 1-sentabrdan e’tiboran kuchga kirishi hamda mazkur yo‘riqnoma kuchga kirgandan so‘ng xorijdagi fuqarolarni to‘lov asosida mehmonxonaga karantinga joylashtirish sharti bilan charter qatnovlarini tashkil etish bo‘yicha turoperatorlar hamda aviakompaniyalarga ruxsatnomalar berish amaliyoti to‘xtatilishi, shu bilan birga avval berilgan ruxsatnomalar 2020-yil 1-oktabrga qadar amal qilishi belgilab qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Belarus muntazam parvozlarni qayta tiklash to‘g‘risida kelishuvga erishgani xabar qilingan edi.