TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Qirg‘izistonning Saylov va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyasi parlament saylovlari natijalarini haqiqiy emas deb topdi.
Qirg‘izistonda parlament saylovlari 4-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. 5-oktabr kuni Bishkekning markaziy Ala-Too maydonida respublika parlamentiga o‘ta olmagan partiyalar tarafdorlarining norozilik namoyishlari boshlandi. Mitingni tarqatishga urinish vaqtida norozilik aksiyasi namoyishchilari va kuch tuzilmalari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Respublika SSV ma’lumotlariga ko‘ra, 590 kishi jarohat olgan, bir kishi halok bo‘lgan.
“2020 yil oltinchi oktabr kuni Qirg‘iz Respublikasining Saylov va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyasi Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshga saylovlarda ovoz berish natijalarini haqiqiy emas deb topdi”, - deyilgan xabarda.
Saylovda 56,5 foiz ovoz beruvchilar ishtirok etishdi. Ovoz berishning dastlabki yakunlariga ko‘ra, mamlakat parlamentiga to‘rtta: "Birimdik" ("Birlik", hukumat partiyasi) 24,52% foiz, "Mekenim Kirgizstan" ("Ona Qirg‘iziston", hukumat partiyasi) 23,89%, "Qirg‘iziston" 8,73% va "Butun Kirgizstan" ("Yagona Qirg‘iziston) partiyasi 7,11% ovoz bilan o‘tgan. Qolgan partiyalar o‘ta olmagan.