O‘zbekistonda xotin-qizlar uchun ishonch telefoni ishga tushirilmoqda

Ishonch telefoni orqali zo‘ravonlik qurboniga aylangan xotin-qizlarga hayotidagi mavjud og‘ir vaziyatlardan chiqishlariga yordam berilib, ularga zarur ruhiy, huquqiy hamda tibbiy ko‘mak beriladi
Sputnik

TOShKENT, 3 okt - Sputnik. O‘zbekiston xotin-qizlarining oilaviy turmush muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashish, hayotiy haq-huquqlarini munosib himoya qilish, ularning maishiy zo‘ravonlik qurboniga aylanib qolishlarini oldini olish, hayotini qayta yo‘lga qo‘yishda moddiy va ma’naviy, tibbiy-psixologik yordam berish maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining "1146" qisqa raqamli Ishonch telefoni o‘z faoliyatini boshlamoqda.

Ruhiy va jismoniy zo‘ravonliklarga uchrab, reabilitatsiya markaziga keltirilgan ayollar qismati

Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, mazkur qisqa raqamli Ishonch telefoni ish-faoliyati muqaddam Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan olib borilgan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishni oldini olish Respublika markazi qoshida mazkur Ishonch telefoni faoliyatini joriy yilning 10-oktabr sanasidan yo‘lga qo‘yish va uni moliyalashtirish bo‘yicha BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) bilan o‘zaro kelishuvga erishdi.

Toshkentda yil boshidan zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 709 nafar ayolga himoya orderi berildi

Hozirda zarur tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

Ishonch telefoni orqali zo‘ravonlik qurboniga aylangan xotin-qizlarga hayotidagi mavjud og‘ir vaziyatlardan chiqishlariga yordam berilib, ularga zarur ruhiy, huquqiy hamda tibbiy ko‘mak beriladi.

- murojaatchi xotin-qizlarning xohishiga ko‘ra, uning shaxsi va murojaat mazmuni sir saqlanadi.

- o‘z atrofidagi xotin-qizlarning haq-huquqlari toptalayotganligiga guvoh bo‘layotgan yoki boshqa salbiy holatlarga duch kelgan yurtdoshlarimiz ham "1146" Ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqida xabar berishlari mumkin.

Shu o‘rinda Mahalla vazirligi barcha fuqarolardan nohaq tahqirlanayotgan; tazyiqqa, zo‘ravonlikka duch kelayotgan; sha’ni, qadr-qimmati toptalayotgan; huquqlari poymol etilayotgan xotin-qizlar hayotiga befarq bo‘lmasliklari, ularni munosib himoya qilib, turli zo‘ravonliklar qurboniga aylanmasliklari uchun birgalikda kurashishga chaqirgan.