TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Samarqand shahar bosh imom-xatibi Nuriddinxon Islomov 73 yoshda vafot etdi. Bu haqda Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Nuriddinxon Islomov 1970-yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi vazifasida ish faoliyatini boshlagan. 1980-yildan 2008-yilga qadar Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritgan.
2008 yildan 2017-yilgacha Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasida ishlagan. Shundan so‘ng ayni paytgacha Samarqand shahar bosh imom-xatibi hamda “Shohi Zinda” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlab kelgan.
Xabarda imomning vafoti sababi ma’lum qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov vafot etgani haqida xabar qilingan edi.