Elektr energiya va gaz: Mirziyoyev yaxlit onlayn tizim joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi

Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-sentabr kuni elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish hamda nazorat qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Sputnik

TOShKENT, 14 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-sentabr kuni elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish hamda nazorat qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Farg‘ona vodiysi aholisiga gaz va elektr ta’minoti hajmi oshiriladi - Energetika vazirligi

Yig‘ilishda elektr energiyasi hamda tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini to‘liq joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Bu maqsadlar uchun qariyb 1,2 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

“Bu mablag‘larning natijadorligi va qaytimi faqatgina hisoblagichlarni o‘rnatish bilan hal bo‘lib qolmaydi. Iste’molchi sarf qilgan energiya resursi hajmini bilish bilan tizimdagi yo‘qotishlar va o‘g‘irliklarga chek qo‘yib bo‘lmaydi. Buning uchun “energiyani ishlab chiqaruvchi – magistral tarmoqlar – taqsimlash tarmoqlari – iste’molchi” jarayonlarining har bir zanjirini qamrab oluvchi yaxlit onlayn tizimni yaratish kerak,” – dedi davlat rahbari.

Hamma joyda hisoblagichlar o‘rnatish, ularga xizmat ko‘rsatadigan servislar tashkil etib, uzluksiz ishlashini ta’minlash, malakali kadrlar tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

Hokimlar, sektor rahbarlari, mahalla faollari aholi bilan har kuni ishlab, qarzdorlikni vaqtida to‘lash, tarmoqqa noqonuniy ulanishlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirishi lozimligi aytildi.

O‘zbekiston Tojikistonga gaz eksportini to‘xtatdi

Bugungi kunda joylarda qariyb 4 million dona elektr energiyasi hisoblagichi o‘rnatilib, shundan 2 milliontasi yagona elektron bazaga ulangan. Yig‘ilishda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga yil yakunigacha yana 3,5 million dona elektr hisoblagich o‘rnatib, 2021-yil 1-martga qadar avtomatlashgan tizimni to‘liq ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, yirik iste’molchi va tadbirkorlik subyektlari, taqsimlash punkti hamda transformatorlarga elektron hisoblagichlar o‘rnatib, ularni ham yagona elektron bazaga ulash bo‘yicha topshiriq berildi.

“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati joriy yil yakunigacha aholiga 1,2 million dona, kelgusi yilning birinchi yarmida yana 2,3 million dona zamonaviy gaz hisoblagich o‘rnatishi zarurligi ta’kidlandi.

Bunda birinchi navbatda tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan 22 ta tuman va shahar qamrab olinadi. 4 mingdan ziyod yirik iste’molchilar, gaz quyish shoxobchalari va ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, 850 ta issiqxona avtomatlashtirilgan tizimga ulanadi. 

Energetika vazirligiga har bir tuman, shahar kesimida hisoblagichlarni yetkazib berish, o‘rnatish va tizimga ulash ishlarini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish topshirig‘i berildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlariga hududlarda ishchi guruhlar tuzib, mahalla raislari bilan birgalikda aholiga hisoblagichlar o‘rnatishni tashkillashtirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish vazifasi qo‘yildi.

O‘zbekiston “Lukoyl” bilan gaz sotib olish haqida muzokaralar olib bormoqda

“Hududiy elektr tarmoqlari” hamda “Hududgazta’minot” jamiyatlarining texnik xodimlari va IT mutaxassislarini ushbu zamonaviy tizim bilan ishlash, uning barcha imkoniyatlari va qulayliklaridan samarali foydalanish bo‘yicha malakasini oshirish kerakligi ta’kidlandi. Har bir hududda hisoblagich va boshqa uskunalarni ta’mirlash, ularga xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda elektr energiyasi va tabiiy gazdan debitor qarzdorlikni kamaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Tarmoq rahbarlari elektr energiyasi hamda tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot qildi.