TOShKENT, 11 sen - Sputnik. Buyuk Britaniya parlamenti a’zosi — lord Muhammad Iltaf Shayxga turmushga chiqqan o‘zbekistonlik Guli Muradova ko‘pchilikni qiziqtirgan "noteng nikoh" masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Guli xonim Sheyx ushbu savolga Londonga uchib ketishi oldidan Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda to‘xtalib o‘tgan.
Gap shundaki, ledi Guli suhbat davomida yaqindagina Samarqandda sodir bo‘lgan xunuk voqea - ayol kishining er tomonidan ayovsiz kaltaklanishi holati haqida to‘xtalar ekan, ushbu hodisani qoralashini bildirdi va "O‘zbekistonda Gender tenglikni rivojlantirish kerak deb o‘ylayman", deya qo‘shimcha qildi.
"Hanuzgacha er-xotin o‘rtasidagi tengsizlik, ayollarga nisbatan past nazar bilan qarash, kuch ishlatish yoki zo‘ravonliklar qulog‘imizga chalinib turibdi. Angliyada ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar sodir bo‘lmaydi, demoqchi emasman. Lekin kam, juda kam holatlarda ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar yoki kuch ishlatish holatlari yuz berishi, mumkin. U ham bo‘lsa mast holatda yuz bergan bo‘lishi mumkin. Buyuk Britaniyada agar ayolni er himoya qila olmasa, uni huquq himoya qiladi", - deydi Guli xonim Sheyx.
U shu o‘rinda, barcha uchun birdek qiziq bo‘lgan, nega o‘zidan ancha yoshi katta insonga - lordga turmushga chiqqani haqida gapirib o‘tdi.
"Bilasizmi, men hurmat, mehr va izzatni avvaldan shu turmush o‘rtog‘imdan topganman. Lord nafaqat meni, balki yer yuzidagi barcha ayollarni hurmat qiladigan haqiqiy jentelmen. U kishi ko‘chada sadaqa so‘rab o‘tirgan ayolni ko‘rganida ham, "ayol, bolasi bordir, noiloj ko‘chada yuribdi", deya qo‘liga pul berib keladilar", - deya lordga ta’rif beradi ledi.
Shu bois "shaxsiy hayotimda to‘g‘ri tanlovni amalga oshirganimga ishonchim komil", deya qo‘shimcha qiladi.
Kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashar ekan, Guli xonim Sheyx tez orada O‘zbekistonga qaytib, Buxorodan hovli sotib olmoqchiligini aytadi.
"Xabaringiz bo‘lsa, yaqinda Buxoroning ayrim hududlarida yuz bergan noqulay ob-havo sharoiti tufayli aholi xonadonlari vayronalarga aylandi. Kamiga pandemiya ham aynan shu vaqtlarga to‘g‘ri kelib qoldi. Ketma-ket yuz bergan bu sinovlar ortidan xalq qiynalib qoldi. Shu bois Buxoroning Qorako‘l, Jondor va Olot tumanlariga borib, oz bo‘lsada xayriya qilib, ularga ruhan madad bo‘lishga ahd qildim. Bilasizmi, bu xalqning mehmondo‘stligi, ochiq chehraliligini ko‘rib ularga mehrim tushdi. Ayniqsa, Jondor tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman Kengashi deputati Latofat Behbudova bilan juda inoq bo‘lib, do‘stlashib qoldik. O‘zim aslida o‘n besh yil davomida Angliyada yashagan bo‘lsam, katta-katta qirolliklarda mehmon bo‘lganman, ammo Buxoro xalqidagi kabi mehmondo‘stlikni, hokisorlikni hech qayerda uchratmadim", - deydi u to‘lqinlanib.
Guli xonim Sheyx, shuningdek, O‘zbekiston aeroportlari, banklari, turizm sohasi, restoran deysizmi, kasalxonalardan dorixonalargacha hamma sohani qamrab olgan, mijozga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha etika madaniyatini rivojlantirish loyihasini tuzganligini aytdi.
" Bilasizmi, Buyuk Britaniyada xoh turizm bo‘lsin, xoh boshqa soha, mijozni e’tibor va xushmuomalalik bilan jalb etishga harakat qilishadi. Imkon qadar mijozning didi va u haqda ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lib, uning ko‘nglini topishga, shu yo‘l orqali mahsulotini o‘tkazishga urinadi. Shuningdek, o‘z ishi va mijozning xizmatiga mas’uliyat bilan yondashiladi. Xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridagi xodim ishchilarning muomalasi, tili va etikasi boshqacha. Biroq afsuski, O‘zbekistonda men mana shu tomondan bir oz kamchiliklarni payqagandek bo‘ldim. Shu bois aynan shu yo‘nalishda loyiha yaratib, O‘zbekistondagi xizmat ko‘rsatish sohalarida Buyuk Britaniya madaniyatini targ‘ib qilmoqchiman", - dedi suhbat yakunida Guli Murodova.