TOShKENT, 26 fev - Sputnik. O‘zbekistonda Davlat xizmatlarining sirli mijoz instituti joriy etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini monitoring qilish va baholash milliy tizimi yaratiladi. Boshqaruv sifati va siyosatning samaradorligini o‘lchash, mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlar jarayonini baholash Milliy monitoring tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi.
“Davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti ma’muriy tartib-qoidalar amalga oshirilishi qulayligi va davlat organlari, shuningdek, ularning xodimlari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda normativ-huquqiy hujjatlar talablari, xodimlarning professionalligi va tezkorligi, ularning aholi bilan muomala qilish etiketi darajasini baholaydi.
“Davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutidan foydalanish doirasidagi chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etiladi.
“Davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutidan foydalanishda huquqbuzarliklar va vakolatni suiiste’mol qilishga undovchi usullarni qo‘llash taqiqlanadi.
Aytish joizki, “davlat xizmatlarining sirli mijozi” monitoringi natijalari tegishli davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan vazirlik hamda idoralar xodimlarini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi va tavsiyaviy ko‘rinishga ega bo‘ladi.