TOShKENT, 12 sen - Sputnik. O‘zbekiston Janubiy Koreyaning KIHASA instituti tomonidan kiritilgan hamshira ta’limini qisqa, o‘rta va uzoq muddatli isloh qilish rejasini ko‘rib chiqmoqda: Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasida institut vakillari ishtirokida o‘rta tibbiy xodim ta’limi va malakasini takomillashtirishning xalqaro tajribasi muhokama qilindi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida, jumladan Koreyada hamshiralar nafaqat o‘rta maxsus ta’limiga ega bo‘ladilar, ular shuningdek, bakalavriat va magistraturani tugatib, oliy ma’lumotga ega bo‘lishga intiladilar. Bu o‘rta tibbiyot xodimlariga, faqatgina shifokorlar yordamchilari emas, balki mustaqil tibbiyot xodimlari bo‘lish imkonini bergan.
Shu bilan birga hamshiralarning kasbi bo‘yicha vakolatini oshirish shifokorlarning o‘zlarining ham ishlarini yengillashtiradi. Ular o‘z o‘rnida bunday mutaxassislarga o‘zlari bajarishga majbur bo‘lgan bir qator vazifalarni ham ishonib topshiradilar.
"Hamshiralar ta’limini isloh qilishga o‘quv rejalari va dasturlarini o‘zgartirib, ta’lim standartlarini joriy etib, va ularni tuzishda ko‘pgina mamlakatlarda o‘sha hamshiralar institutiga berilgan vakolatlarni, ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olish yo‘li bilan erishish mumkin", deyiladi xabarda.
Bunda bu toifadagi mutaxassislarning aynan o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishga intilishi uchun qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish muhim. Faqat shundagina "o‘rta tibbiyot xodimi" yo‘nalishi bo‘yicha oliy toifadagi mutaxassislarga ega bo‘lib, barcha mana shu tavsifga to‘g‘ri keladiganlarning kasbiy vakolati darajasini bosqichma-bosqich oshirish imkoni paydo bo‘ladi.
Konferensiya davomida shuningdek, O‘zbekistonda "hamshira ta’limi"ni rivojlantirish maqsadida ko‘rilayotgan choralar ham taqdim etilgan. Konferensiya davomida Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisi o‘rinbosari Abdunumon Sidikov "bunday o‘zgarishlar bemorlarga ko‘rsatiladigan xizmatning yangi sifatini boshlab keladi. Bu esa butun O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining asosiy vazifasi sanaladi", - deya ta’kidlagan.
Tomonlar hamkorlikdagi ishlarini davom ettirishga kelishib oldilar. Ushbu hamkorlik mamlakat sog‘liqni saqlash sohasi o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish uchun tavsiyalar tayyorlashni, ushbu toifadagi mutaxassislarning vakolatini, statusini va nufuzini sezilarli darajada oshirishni maqsad qilgan.