Test sinovlari: go‘dak bilan kelgan abituriyent va jonga oro kirgan "domla" haqida

Kechadan boshlab oliy ta’lim maskanlariga bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihoni boshlandi.  Pandemiya sharoitida imtihonlarni ochiq havoda o‘tkazish belgilangan bo‘lib, abituriyentlar poytaxtning bir qancha bog‘lari va maydonlarida o‘z bilimlarini sinadilar
Sputnik

"Sputnik"  muxbiri Botanika bog‘ida bo‘lib, test sinovining 2-smenasi jarayonlarini kuzatdi va abituriyentlar hamda ota-onalar bilan suhbatda bo‘ldi.

Bugundan test sinovlari boshlandi: abituriyentga eslatmalar

Test sinovi vaqti soat 16:00 da belgilanganiga qaramay, "Botanika" bog‘i atrofida soat 14:00 dan boshlab talabalar hamda ularning ota-onalari to‘plana boshlashdi. Qo‘llarida fuqarolik pasporti hamda DTM hujjati bo‘lgan abituriyentlarning ko‘zida bir oz hadik, yuragida esa kuchli hayajonni payqash mushkul bo‘lmadi. Qolaversa, ularning kelajagiga befarq bo‘lmagan ota-onalarning hayajoni ham farzandlarinikidan kam emas edi.

Test sinovlari: go‘dak bilan kelgan abituriyent va jonga oro kirgan "domla" haqida

Tarixda qolmoqchi bo‘lgan abituriyent ayol

Abituriyentlardan biri qo‘lida yosh go‘dagi bilan kelib, imtihonga bola bilan kirmoqchi bo‘ldi. Yosh bolasi abituriyentlarning diqqatini jalb etishi mumkinligi harqancha tushuntirilmasin, u qaysarlik qilib, kirish niyatida ekanligini aytardi. So‘ng ichkaridan imtihon tashkilotchilaridan biri chiqib kelib, "tarixda qolishga urinayotgan abituriyent" bilan gaplashdi, unga qonun hammaga birdek barobar ekanligi, imtihonga bola bilan kirish mumkin emasligini bosiqlik bilan tushuntirishga urindi. Hayriyatki, abituriyent tashkilotchilarga muammo tug‘dirmadi, aksincha shaxsiy muammosini tez furstda hal etish uchun ortga qaytdi. Talabalar soni ko‘pligi bois, abituriyent ayol imtihonga qaytib keldimi-yo‘qmi, payqab bo‘lmadi.

OTMga test sinovlari 2 soat davom etadi - DTM

Tik oyoqda uch soat...

Pndemiya davrida fuqarolarga masofa saqlash, karantin qoidalariga amal qilish shart va zarurligi haqida bot-bot eslatib kelinmoqda. Ammo test sinoviga kelgan ayrim ota-onalar va abituriyentlar orasida niqobsiz kelganlari ham bor edi. Ota-onalar uchun bog‘ ichidan o‘rindiqlar olib chiqilgan bo‘lsa-da, u ham yetarli bo‘lmadi. Shu bois bu muammodan ahyon-ahyonda nolib qo‘yayotgan ota-onalar va abituriyentlarning yaqinlari uch soat davomida tik oyoqda turishga majbur bo‘lishdi.

Pandemiya sharoitida ularning bir-biridan masofa saqlashlari u yoqda tursin, o‘rindiqlarda hech qanday masofasiz o‘tirishlari bir oz tashvishga soldi. Sababi, kutilmaganda tarqalgan bu kasallik ortidan qanchadan-qancha og‘ir ahvoldagi bemorlar hayot uchun kurashib yotibdi, yana qancha insonlar hayot bilan vidolashmoqda. Ushbu savol bilan yuzlanganimizda, IIB xodimlaridan biri karantinga amal qilish har bir insonning o‘z vazifasi ekanligi javobi bilan kifoyalandi...

Test sinovlari 2-sentabrdan boshlanadi

"Oltin olma duo ol"

Havo issiq, ota-onalarning bari bog‘ning darvozasida umid bilan ko‘z qadab o‘tirishibdi. Shu payt kutilmaganda qiziq bir holat yuz berdi, kamtarona qiyofadagi bir kishi salom berib, ota-onalar joylashib olgan yerga keldi va sotuvchilarning biridan kursi so‘rab, unga o‘tirib oldi. So‘ng sekin o‘z so‘zini boshlarkan, abituriyentlarga omad kulib boqishi, niyatlariga yetishlariga tilakdosh ekanligini ma’lum qildi va bilgan oyat-u duolarni o‘qiy ketdi. Ota-onalar bunaqa holatga avval duch kelmagani sabablimi, o‘z hayratlarini yashirolmadilar!

"Domla" kaftlarini duoga ochgach, ota-onalar ham beixtiyor unga ergashdilar. Yuzlarga fotiha tortilgach, "domla" sekin maqsadga o‘tadi va og‘ir ahvolda yotgan singlisi uchun moddiy yordam kerak bo‘layotganini aytadi. Umid bilan o‘tirganlarning ko‘ngli yumshab, ataganini "domla"ga uzatadi.

Onalardan biri esa shumligi tutib, "Imtihon bahona, sumkasini to‘ldirib ketdi-ya", dedi kulib. Bu gapdan keyin atrofda turganlarning yuziga tabassum yugurdi.

Test sinovlari: go‘dak bilan kelgan abituriyent va jonga oro kirgan "domla" haqida

"Kuzatuv qattiq bo‘ldi!"

Uzoq kutilgan soniyalar yaqinlashib, test savollariga hammadan birinchi bo‘lib javob topa olgan abituriyentlardan biri Botanika bog‘i darvozasidan chiqib keldi. O‘rindiqdagilar xuddi o‘z farzandlari haqida biron bir ma’lumot eshitadigandek, qiz tomon yopirilib borishdi va biri olib, biri qo‘yib, uni savolga tuta ketdilar. Ushbu jarayon xuddi o‘z hayotida ilk marotaba katta intervyu berayotgan yulduz kartinasini eslatardi.

Boshqaning o‘rniga imtihonga kirmoqchi bo‘lgan abituriyent imtihondan chetlashtirildi

Abituriyent qizning aytishicha, ichkarida test jarayonlarini nafaqat nazoratchilar, balki son-sanoqsiz tilsiz kameralar ham qattiq kuzatib turgan, "shpargalka"larning qo‘lma-qo‘l bo‘lishiga sharoit yaratilmagan. Har qadamda Milliy gvardiya xodimlari va test markazi xodimlari imtihonga kelganlarni diqqat bilan nazorat qilib turishgan. Bundan tashqari, abituriyentlarning imtihonga o‘zlari bilan telefon apparati va boshqa buyumlar uyoqda tursin, hatto ruchka olib kirishlariga yo‘l qo‘yilmagan. Sababi, ichkarida ushbu ehtiyojlar uchun sharoitlar yaratilgan. Jumladan, karantin sharoitlariga ham jiddiy amal qilingan.

Bir oz vaqtdan so‘ng imtihondan chiqib kelayotgan abituriyentlar soni ancha ortdi. Abituriyentlardan biri hayot kurashdan iboratligi, bir yoqadan bosh chiqarib, O‘zbekiston xalqi ushbu kasallikni yengib o‘tishi mumkinligiga ishonch bildiradi. U shuningdek, imtihon jarayonlarining o‘tgan yilgiga nisbatan unchalik murakkab bo‘lmagani, sababi qo‘shimcha fanlar —  ona tili va adabiyot fanlari savollaridan bu yil voz kechilganligi ancha yengillik yaratganini aytadi.

Magistraturaga kirish imtihonlari 8-20 sentabr kunlari o‘tkaziladi

Kimyo va biologiya fakultetiga imtihon topshirgan abituriyentlardan biri test savollari 60 tadan iborat bo‘lgani, muhimi o‘zi avvaldan bilgan savollar tushgani, bu yilgi test sinovi bir muncha osonlashtirilganidan cheksiz xursandligini yashirmaydi. Uning aytishicha, bu yil test jarayonida ko‘zbo‘yamachilik holatlari sodir bo‘lmasligi qattiq nazoratga olingan va barcha tartiblarga qat’iy amal qilingan.

Bir oz avval AOKA birinchi test kunining 1-smenasida 59 250 nafar abituriyent test topshirishi rejalashtirilgani, shundan 55 767 nafari ishtirok etganini ma’lum qildi. 3474 nafar abituriyentlar turli sabablarga ko‘ra testga kelmagani haqida xabar bergan edi.