Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi UzAuto narxlarini 10%ga tushirishni buyurdi

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi UzAuto Motors kompaniyasiga asossiz oshirilgan avtomobillar narxlarini 3-19 million so‘mga tushirishga ko‘rsatma berdi.
Sputnik

TOShKENT, 19 avg - Sputnik. O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “UzAuto Motors” AJda o‘tkazilgan tekshiruv natijasida "Raqobat to‘g‘risidagi" qonunni buzish holati aniqlandi. 

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motorsga nisbatan ish qo‘zg‘adi

Qo‘mita maxsus komissiyasining tekshiruvi natijasida kompaniya ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxlarini 10,29 % asosssiz ravishda oshirgani ma’lum bo‘lgan.

Xususan, 2020-yil mart oyida kompaniya avtomobil narxlarini shakllantirishda, xom-ashyo va materiallar, yoqilg‘i, energetika va mehnat resurslari uchun haqiqatda amalga oshirilmagan xarajatlarni kiritgan.  

Vaziyatni batafsil o‘rgangan Maxsus komissiya, 19-avgust kuni “UzAuto Motors ” AJga quyidagi majburiy ko‘rsatmalarni bajarishni buyurdi

  • “Spark” avtomobillari narxini 3 - 3,5 mln. so‘mga;
  • “Nexia 3” avtomobillari narxini 3,1 -3,7 mln. so‘mga;
  • “Cobalt” avtomobillari narxini 4,4 - 10,5 mln. so‘mga;
  • “Gentra” avtomobillari narxini 13,8 -19,8 mln. so‘mga;
  • "Labo" va “Damas” avtomobillari narxini 13 - 15,7 mln. so‘mga kamaytirish.

Undan tashqari, Maxsus komissiya ushbu yilning mart oyidan buyon avtomobil xarid qilgan mijozlarga xarid qilingan avtomobillar narxida yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘larni qaytarishga ko‘rsatma berdi.