TOShKENT, 19 avg - Sputnik. Samarqandlik 19 yashar ayol telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali boyishning yangi usulini kashf qildi. Haqiqatda og‘ir dardga chalingan qizaloqqa tegishli shaxsiy ma’lumotlardan foydalanib, oqko‘ngil va saxovatli insonlardan katta miqdorda "xayriya pullarini" o‘zlashtirayotgan vaqtda qo‘lga olindi, deb xabar beradi IIBB matbuot-xizmati.
Xabarda aytilishicha, 13-avgust kuni Toshkent viloyati IIBB 1-mintaqaviy hudud boshlig‘i nomiga Chirchiq shaharda yashovchi og‘ir dardga chalingan E’zozaning otasi fuqaro E.Gulmetov ariza bilan murojaat qilgan. Erkak o‘z arizasida no’malum ayol uning qizi E’zozaga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni o‘zlashtirib, telegramda tashkil etilgan "E’zozaga yordam" guruhida o‘zini qizaloqning onasi deb tanishtirib, firib yo‘li bilan xayriya pullarini o‘zlashtirayotgani haqida ma’lum qilgan.
IIBB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan surushtiruvlar davomida notanish ayolning E’zozaga yoki uning yaqin qarindoshlariga hech qanday aloqasi yo‘qligi aniqlanadi va firibgarni ushlash maqsadida tezkor tadbir tashkil etiladi.
Tadbirga o‘z ixtiyori bilan ko‘maklashishga rozilik bildirgan E’zozaning otasi internetdagi noma’lum ayol bilan shartli ravishda "saxovatli inson" bo‘lib telefon orqali muloqotga kirishadi. Shunda, ayol E’zozaning onasi ekanligini va qizchaning kunlik muolajalari uchun zudlik bilan 25 million so‘m pul zarurligini, uning ahvoli og‘irligini va o‘zi Samarqand viloyatida ekanligini aytib, xayriya pullarini olish uchun Toshkent shahrida ichki ishlar xodimi bo‘lib ishlovchi tanishini yuborishini aytadi.
Shundan so‘ng, tezkor operatsiyaga IIV O‘XB Toshkent viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari ham jalb etiladi va kelishilgan vaqtda belgilangan joyga kelib "saxovatli inson"ga o‘zini ichki ishlar organlarida xizmat qiluvchi deb tanishtirgan Shavkat ismli shaxs xayriya sifatida berilayotgan kelishilgan pullarni olayotgan vaqtida tadbir qatnashchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlanadi.
Tekshiruv davomida, erkak aslida 1981-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan "Samarqand-Toshkent" yo‘nalishida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanishi va biron-bir huquqni muhofaza qiluvchi organda xizmat qilmasligi aniqlanadi.
Ushlangan shaxs bilan o‘tkazilgan suhbat davomida, unga no’malum ayol qo‘ng‘iroq qilib, Toshkent shahrida 10 million so‘m va 1 400 AQSh dollari miqdoridagi pullari borligini, faqat pulni olayotgan odamiga o‘zini IIO xodimi deb tanishtirishini iltimos qilganligini va buning evaziga 200 ming so‘m pochta puli olishga kelishganini ma’lum qiladi.
Haydovchi Shavkat B. o‘z ixtiyori bilan tezkor tadbirni davom ettirishga rozilik bildiradi.
14 avgust kuni Samarqand shahrida tezkor tadbir davom ettirilib, firibgarlikda gumonlanuvchi ayol haydovchi Shavkatdan kelishilgan pullarni olayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi.
Firibgarlikda gumonlangan shaxs 2001-yilda tug‘ilgan, turmushga chiqmagan Samarqand shahrida yashovchi M.M. ekanligi aniqlangan. O‘tkazilgan suhbat davomida, u telegram ijtimoiy tarmog‘ida faol ekanligi va bir biridan farq qiluvchi 8 ta profildan foydalanishi ularning 4 tasi AQSh raqamlaridan ochilganligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan, fuqaro M.M.ga nisbatan Qibray tumani IIB TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi "a"-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, ushbu holat yuzasidan voqea joylarida tushirilgan tezkor tasvirlar yaqin vaqt ichida video kontent tarzida namoyish etiladi.