TOShKENT, 15 avg - Sputnik. 15-avgustdan Toshkentda jamoat transporti, avtobuslar va mikroavtobuslar harakatlanishi to‘liq tiklanadi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi.
Xabarda aytilishicha, 132 ta yunalishda 1 105 ta avtobus yo‘nalishlarga chiqariladi. Shuningdek, "Toshshahartransxizmat" AJ tizimidagi xususiy korxonalar va 98 ta yo‘nalishda 800 dan ortiq yo‘nalishli taksilar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
Yo‘lovchilarning avtobus saloniga chiqishda va avtobus ichida tibbiy niqobda bo‘lishlari talab etiladi, tibbiy niqobsiz yo‘lovchilar avtobus va mikroavtobuslar saloniga chiqarilmaydi.
Transport vositasi doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, sal oldin 15-avgustdan boshlab O‘zbekistonda karantin choralari yumshatilishi e’lon qilingan edi. Kuni kecha ushbu munosabat bilan maxsus komissiya murojaati e’lon qilindi.
Maxsus komissiya unda mamlakatdagi barcha fuqarolarga 2020-yil 10-iyuldan buyon joriy etilgan karantin cheklovlariga qat’iy va intizomli ravishda rioya etganlari uchun o‘z minnatdorchiligini bildirgan.
"Bu koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq holatni barqarorlashtirish imkonini yaratdi", - deya ta’kidlangan bayonotda.
Karantin qoidalarini yumshatish uni bekor qilishni anglatmaydi. Kasallanishlar soni ko‘payishining oldini olish maqsadida, Komissiya fuqarolar tomonidan shaxsiy himoya choralariga qat’iy rioya qilishni davom ettirishlarini so‘raydi.
Shu jumladan: jamoat joylarida niqob taqib yurish; ijtimoiy masofani saqlash; qo‘llarni muntazam yuvish va antiseptik gigiyena vositalaridan doimiy foydalanish.
Ushbu qoidalarga amal qilinmay, kasallik qayta avj olsa qattiq karantin choralari takroran kuchga kiritilishi mumkin.