TOShKENT, 11 avg — Sputnik. Bir guruh rossiyalik mutaxassislar koronavirusga qarshi kurashishda yordam berish uchun O‘zbekistonga jo‘nab ketishga tayyor. Bu haqda Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko ma’lum qildi.
“Biz xalqaro faoliyatimizni ham davom ettirmoqdamiz. Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, mutaxassislarimiz Qozog‘iston Respublikasidan o‘z vazifalarini bajarib qaytdilar. O‘zbekistonga jo‘natiladigan mutaxassislar guruhi tayyorlanmoqda”, - dedi Murashko.
Avvalroq Rossiya SSV rahbari hozirda Rossiyaning COVID-19 ga qarshi vaksinasini tarkibida O‘zbekiston ham bo‘lgan Shanhay hamkorlik tashkiloti davlatlariga yetkazib berishga doir muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar 31 545 nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 22 992 nafari sog‘ayib ketgan. 202 kishi virus qurboniga aylangan.