"Mehnat bozorini tiklaymiz": Rossiyaning yirik ish beruvchilari O‘zbekistonga keldi

Uchrashuvlarda pandemiya sharoitida mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish, ularga kasb va til o‘rgatish kabi masalalar muhokama etildi.
Sputnik

TOShKENT, 6 avg - Sputnik. Rossiya Federatsiyasidagi Neft va gaz ilmiy-tadqiqot va loyihalashtirish instituti raisi o‘rinbosari Denis Mishchenko boshchiligida "Renaissance Heavy Industries" va "Yamata Yatirim İnşaat Turizm ve Ticaret Anonim Şirketi" kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Medvedev Rossiyadagi migrantlar bilan bog‘liq vaziyatga baho berdi

Delegatsiya a’zolari bilan Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalari va xalqaro iqtisodiy hamkorlik departamenti hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda pandemiya sharoitida mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish, ularga kasb va til o‘rgatish kabi masalalar muhokama etildi.

Delegatsiya a’zolari muloqot davomida pandemiyadan keyin mehnat bozorini tiklash, epidemiologik vaziyatda o‘zbekistonlik mehnat migrantlari xavfsizligini ta’minlash, ularni tartibli, manzilli va tashkillashtirilgan holda ishga joylashtirish hamda ishchilar uchun zaruriy mehnat sharoitlari yaratilib, buning uchun ish beruvchi tashkilot kafil bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Rossiyadagi mehnat migrantlari uchun sharoitlar yaratishga rozi

Ikki tomonlama muzokaralarda yil yakuniga qadar 4200 nafar fuqaroni yirik qurilish obyektlariga ishga jalb qilish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, transport, ishlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirish, ish haqi va boshqa masalalar bo‘yicha keyingi vazifalar belgilab olindi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Toshkent shahridagi ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazi va "Ishga marhamat" monomarkazi faoliyati bilan tanishdi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya shaklida yig‘ilish tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning qator mas’ul tashkilotlari sa’y-harakatlari bilan erishilgan kelishuvga muvofiq, 31-iyul kuni 144 nafar fuqaro tashkillashtirilgan holda Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys orqali uchib ketgan edi.