Beyrutdagi portlash tufayli yetkazilgan zarar miqdori oshkor etildi

Beyrut meri Jamol Itani ammiak selitrasi tufayli yuz bergan portlash oqibatida shaharga qancha zarar yetkazilganini aytdi
Sputnik

TOShKENT, 5 avg — Sputnik. Livan poytaxti Beyrut shahrida yuz bergan portlash 3-5 milliard dollar miqdorida zarar yetkazdi, deb bayonot qildi shahar meri Jamol Itani.

"Xirosima va Nagasakiga o‘xshadi": Beyrut portida kuchli portlash yuz berdi - onlayn reportaj

"Yetkazilgan zarar miqdori 3-5 milliard dollar atrofida baholanmoqda, balki undan ham ko‘pdir. Beyrutning yuzlab aholisi boshpanasiz qoldi", - degan Itani. Mer so‘zlaridan Livanning LBCI News portali iqtibos keltirgan.

Beyrut meri portda yuz bergan portlashni misli ko‘rilmagan, deya atagan va uni Xirosima yoxud Nagasakidagi yadroviy zarbalarga qiyoslagan.

Hukumat taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida kamida yuz kishi halok bo‘lgan, jabrlanganlar soni esa 4 mingdan ziyod.

Beyrut rahbari halok bo‘lganlar orasida portlash yuz bergan joyda - portda ishlagan o‘nlab tibbiyot xodimlari va o‘nlab qutqaruvchilar borligini ta’kidlab o‘tgan.

Beyrutdagi dahshatli portlashning ayanchli oqibatlari - foto

Livan sog‘liqni saqlash vaziri Xamad Xasan Beyrut va unga yaqin joylardagi kasalxonalar portlashdan so‘ng jarohatlanganlarga to‘lib ketgani, tibbiyot anjomlari tanqisligi muammosi yuzaga kelganligini tan olgan.

Beyrutdagi portlash

Livan poytaxti Beyrut shahri portidagi dahshatli portlash Livan vaqti bilan taxminan 18.00da yuz bergan.

Zarba to‘lqini shu darajada kuchli bo‘lganki, bir qancha binolarni yo‘q qilib yuborgan, inshootlarni barbod etgan, bir qancha kilometr naridagi binolarning oynalarini chilparchin qilgan. Portlashdan oldingi shovqinli ovoz Kiprda ham - epimarkazdan 250 kilometr masofa narida eshitilgan, tutun esa yuzlab kilometrlarni o‘rab olgan.

Beyrutda vayronkor portlash – fojia joyidan video

Hukumat taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, portdagi portlash Beyrutning barcha tumanlarini qamrab olgan, shaharning teng yarmi jabr ko‘rgan.

Taxminlarga ko‘ra, portda 2014-yilda kemadan musodara qilingan 2750 tonna ammiak selitrasi portlab ketgan. Detonatsiya svarka ishlari vaqtida yuz bergani aytilmoqda.

Livan hukumati fojia qurbonlari xotirasiga uch kunlik motam e’lon qildi.