TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 206 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 23 078 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanishlar: 130 nafari — Toshkent shahrida, 40 nafari — Buxoro viloyatida, 20 nafari — Sirdaryo viloyatida, 9 nafari — Qoraqalpog‘iston Respublikasida, 7 nafari — Toshkent viloyatida bemor bilan muloqot orqali yuqtirgan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 495 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 13 432 nafarga yetdi.
Ayni paytda 9 512 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida uch bemor - Buxoroda 68 yoshli ayol, Toshkentda 57 yoshli erkak, 60 yoshli ayol vafot etdi.
Ularga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Hamroh kasalliklar (qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya) bilan ham og‘rigan. O‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorlarning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.
O‘zbekistonda jami 134 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Moddiy yordam puli
O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarga 150 mlrd so‘m tarqatiladi.
Hukumatning tegishli farmoyishiga asosan, “Saxovat va ko‘mak” fondi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam tarqatiladi. Buning uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 150 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.
Shifoxonaga aylantirilgan sport zallar
Farg‘ona viloyatidagi qator sport zallar shifoxonaga aylantirildi. Koronavirus bilan kasallangan bemorlar uchun 12 600 ta zaxira joy tayyorlandi. 500 dan ortiq kislorod konsentratorlari va sun’iy nafas oldirish apparatlari olib kelindi.
Yangi o‘quv yili
Xalq ta’limi vazirligi o‘quv yili boshlanishining uchta ssenariysini ishlab chiqdi. Buning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar mutaxassislari bilan birgalikda tegishli tadqiqotlar o‘tkazildi.
Tayyorlangan ssenariylarning birinchisiga asosan, epidemiologik vaziyat barqarorlashgani sayin, maktablar odatdagi tarzga qaytadi. Umumjahon statistik ma’lumotlarga ko‘ra, maktab yoshidagi bolalar kattalarga qaraganda COVID-19 kasalligiga kamroq chalinadi va kasallikni bolalardan kattalarga o‘tishi xavfi katta emas. Bu haqda to‘liq.
Dunyo salomatligi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 17 milliondan oshdi, 667 ming kishi vafot etdi. Eng ko‘p holatlar AQShda (4,4 mln), Braziliyada (2,6 mln), Hindistonda (1,6 mln).