Surxondaryoda 5 ming $ evaziga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan OTM xodimlari qo‘lga tushdi

Tadbir jarayonida assistent qilgan ishidan pushaymonlik bildirib, jinoyatni fosh etishda faol yordam ko‘rsatishga rozi bo‘lgan
Sputnik

TOShKENT, 24-iyul - Sputnik. Surxondaryo viloyatida o‘qishga kiritish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan Universitet assistenti ushlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot-xizmati.

Ismoilov: bugungi kunda korrupsiyani yashirish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi

Xabarda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali o‘quv bo‘limi xodimi A.O.fuqaro S.R.ni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tadbir jarayonida A.O. qilgan ishidan pushaymonlik bildirib, jinoyatni fosh etishda faol yordam ko‘rsatishi haqidagi murojaatiga asosan tezkor tadbir davom ettirilganda, I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali o‘quv bo‘limi assistenti J.D. fuqaro S.R.ni o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Universitet xodimi A.O. va assistenti J.D.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi va211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.