O‘zbekistonda karantin choralari nega uzaytirildi - tafsilotlar

Sal oldin O‘zbekiston rahbari kasallik yuqtirilishining oldini olish, o‘lim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirgan edi
Sputnik

TOShKENT, 23-iyul - Sputnik. Ayni daqiqalarda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir avvalida bugun mamlakatda pandemiyaga qarshi qanday kurash olib borayotganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Mirziyoyev karantin cheklovlari 1-avgustdan keyin uzaytirilishiga rozilik berdi

Xususan, hozirda COVID-19 yuqtirganlar soni 18 ming 700 nafardan oshgani, vaziyat hamon jiddiy bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.

"Ahvoli og‘ir bemorlar soni ko‘payib bormoqda. Koronavirusga qo‘shimcha ravishda pnevmoniya holatlari ham keng tarqalmoqda. Shu sababli, oxirgi 10 kunda 4 ta selektor o‘tkazib, hokimlar, vazirlar va boshqa mutasaddi rahbarlarga qo‘shimcha davolash o‘rinlarini tashkil etish, simptomsiz kasallarni uyda tizimli davolash, ularni zarur dori-darmon va oziq-ovqat bilan ta’minlash, tez tibbiy yordam tizimi ishini yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan edim. Bugun hisobotlarni eshitamiz", - dedi Mirziyoyev

Nurmat Otabekov koronavirusning og‘ir asoratlari haqida aytib berdi

Prezident hozirgacha amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritar ekan, oxirgi kunlarda koronavirusni davolash uchun qo‘shimcha 46,5 mingta o‘rin ajratilgani, yana 31 mingta o‘rin tashkil etilishi, 397 ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilingani, bir oy muddatda yana 409 ta mashina joylarga yetkazilishini ta’kidlab o‘tdi.

Xalqaro va mahalliy tajribani hisobga olib, koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi yangilandi, dedi Prezident. Tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va kollejlari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar va pensiyaga chiqqan mutaxassislar orasidan jami 5 mingta vrach hamda 9 mingta hamshira bemorlarni davolash va maslahat berishga jalb etildi.

"Shu o‘rinda o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, kasallikka qarshi mardona kurashayotgan fidoyi shifokorlarimizga har qancha rahmatlar aytsak, arziydi. Bugun koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi salomatligini muhofaza qilish va hayotini asrash, yurtimizda infeksiyani jilovlashda ulkan jasorat va fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan bir guruh tibbiyot, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlarini va boshqa tashkilotchilarini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Farmonni imzoladim", - dedi davlat rahbari.

Niqoblar tufayli insoniyat ekologik falokatga duch kelishi mumkin – Yaponiya OAV

Oldinda bunday mukofotlar ko‘p bo‘lishi, bu kurashda o‘zini ayamay mehnat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlari albatta munosib taqdirlanishi ta’kidlandi.

- Biz pnevmoniyani davolashda nafaqat o‘zimizning shifokorlar, balki videoaloqa orqali xorijdagi yetakchi mutaxassislarni konsultatsiya berishga jalb qilyapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Hozirgi vaqtda germaniyalik tibbiyot professori yurtimizga kelib, davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda. Bugun Turkiyadan bir guruh professorlar yetib keladi. Boshqa davlatlardan ham eng tajribali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha ish olib borapmiz.

Prezidentning qayd etishicha, bugungi kunda eng muhim vazifa aholi o‘rtasida virus zanjirini uzish hisoblanadi. Buning uchun karantin talablariga so‘zsiz amal qilish, ularning immunitetini mustahkamlash, sog‘ligini asrab-avaylash, har bir insonning hayoti uchun kurashish zarur.

Botirbekov bemorlarni davolash, dori-darmon va karantin haqida

Shu munosabat bilan, shuningdek, kasallik yuqtirilishining oldini olish, o‘lim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirildi.

Bunda "Pandemiyaga qarshi kurash – har  birimizning vijdon ishimiz", "O‘zim, oilam, farzandlarim sog‘lig‘i uchun avvalo o‘zim javobgarman", degan fikrlarni xalqimiz ongiga chuqur singdirish va amaliy hayot mezoniga aylantirish lozimligi ta’kidlandi.

Bugun pandemiyani jilovlashda hokimliklar, sektorlar, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar idoralari rahbarlari va xodimlari, mahalla faollari, nuroniylar zimmasida juda katta mas’uliyat turibdi. Chunki aholining aksariyati, keksalar, bolalar, xotin-qizlar uyda o‘tirishga majbur. Ularning birinchi galdagi hayotiy ehtiyojlarini ta’minlash, tegishli tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatish aynan ana shu tashkilotlarga va faollarimizga bog‘liq.

"Barchamiz hamjihatlikda, chuqur mas’uliyat bilan tizimli ishlasak, bu og‘ir sinovlarni albatta yengamiz. Yana bir bor takrorlayman, bugungi kundagi eng muhim talab - barchamiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga o‘rganishimiz shart", - dedi  Shavkat Mirziyoyev.