TOSHKENT, 23 iyul — Sputnik. Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi Isabek Botirbekov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi.
Botirbekovning soʻzlariga koʻra, Toshkent shahar SSBB tegishli idoralar bilan hamkorlikda, avvalo barcha shifoxonalardagi vaziyatni toʻliq oʻrgangan holda kasallar uchun qoʻshimcha oʻrinlarni tashkil etish va yetarli sharoitlar yaratishga eʼtibor qaratdi.
Poytaxtda koronavirusdan zararlangan bemorlarni davolash uchun 16 ta shifoxonalarda 3580 ta joy-oʻrinda 2796 bemor davolanib kelmoqda. Bemorlarning keskin koʻpayishi munosabati bilan tizimda bir qator muammolar mavjudligi aniqlanib, ularning yechimi borasida uch yoʻnalishda tashkillashtirildi.
“Birinchi yoʻnalish - kasallarni aniqlash va davolash. Ikkinchisi - oziq-ovqat va dori-darmon bilan uzluksiz taʼminlash hamda narx-navoni barqaror saqlash. Uchinchisi - xavfsizlik va karantin. Tadbirlar davomida, 15-20 iyul kunlari, 10ta davlat hamda 7ta xususiy tibbiyot muassasalarida 2002ta qoʻshimcha oʻrinlar tashkil qilinib, 442 nafar bemorlar joylashtirilishi taʼminlandi”, - dedi SSV vakili.
Toshkent shahar tez tibbiy klinik shifoxonasida bugungi kunda 230 nafar koronavirus kasalligiga gumon qilinayotgan bemorlarni davolashga moʻljallangan qoʻshimcha koyko-oʻrin yaratildi hamda 4 dona OʻSV (IVS), 15 ta SIPAP apparati bilan taʼminlanib, davolanish uchun sharoit yaratildi. Aholiga yanada qulaylik yaratish, chuqurlashtirilgan koʻriklar oʻtkazish maqsadida, har bir tumanda kompyuter tomografiyasiga ega, jami 20 ta xususiy klinikalarda 24 soatlik ish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bir kunda oʻrtacha 850 nafar fuqaro koʻrikdan oʻtmoqda. Tez tibbiy yordam xizmatlariga 75 ta, sanitariya-epidemiologiya xizmatiga 23 ta “Damas” rusumli avtomashinalar yetkazib berildi.
Kuni kecha Toshkent shahar hokimligi tomonidan maxsus jihozlangan 28 ta Isuzu hamda 2 ta Volkswagen avtomashinasi olib kelindi va bugun tibbiyot muassasalariga tarqatildi. Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda, aholiga telefon orqali tibbiy maslahat beruvchi koll-markaz tashkil etildi. Unga Toshkent Tibbiyot akademiyasi, Pediatriya, Stomatologiya, Farmatsevtika institutlari hamda 6 ta tibbiyot kollejlari koʻngilli talabali va oʻqituvchilari jalb qilindi. Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda, davolash muassasalariga qoʻshimcha 220 ta kislorod balonlari olib kelinib, 100 tasi tarqatildi va 120 tasi zahiraga olindi.
“Toshkent shahar hokimligi tomonidan 5ta hududda kislorod stantsiyalari qurish boʻyicha loyiha hujjatlari tayyorlanib, Turkiyadan uskunalar olib kelinishi choralari koʻrilmoqda. Xususan, 2020 yil 15 martdan shu kunga qadar, jami tibbiyot hodimlariga 37,5 milliard soʻm mablagʻ miqdorida moddiy ragʻbatlantirildi va qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshirildi. Toshkent shahridagi 11 ta markaziy koʻp tarmoqli va 64 ta oilaviy poliklinikalarda bemorlarning dastlabki koʻrigi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar, xususan Rentgen va UZI va laboratoriyalar, eng muhimi – zarur mutaxassislar mavjud. Shu poliklinikalarda 16 ming nafar xodim xizmat qiladi”, - dedi Botirbekov.
SSBB rahbarining soʻzlariga koʻra, poliklinikalarda ishni ikki smenada, shu jumladan yakshanba kunlari ham tashkil qilish belgilandi. Shu bilan birga, 75 ta poliklinikada qoʻshimcha 150 ta mobil guruhlar tashkil qilindi. Bitta mobil guruhiga infektsionist-epidemiolog, va umumiy amaliyot shifokori jalb qilinadi. Dori-darmon va tibbiy buyumlar narx-navosini barqarorligini taʼminlash maqsadida, prokuratura, departament va soliq idoralaridan iborat tuzilgan 11 ta ishchi guruh tunu-kun ishlari yoʻlga qoʻyildi. Shu kunlarda Toshkent shahar hokimligi hamda Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash Bosh boshqarmasi tomonidan bepul dori qutilari poytaxt aholisiga tarqatilishi rejalashtirilmoqda.