TOSHKENT, 23 iyul – Sputnik. Oʻzbekiston Sanitariya epidemiologik nazorati davlat inspektsiyasi rahbari Nurmat Otabekov koronavirusning ogʻir shakli bilan kasallangan bemorlarda oʻpka yetishmovchiligi va oʻpka fibrozi, yurak, boʻyrak va asab tizimida oʻzgarishlar sodir boʻlishi kuzatilganini aytib berdi.
Koronavirusning ogʻir shakli bilan kasallangan bemorlarda - tromboemboliya, tromboz, oʻpka arteriyasi tromboemboliyasi yoki oʻtkir koronar yetishmovchilik kabi poliorgan oʻzgarishlar tufayli kasallik tuzalgandan keyin ham baʼzi bemorlarda oʻpka hayotiy sigʻimining 20-30% ga kamayishi, oʻpka fibrozi kuzatilishi mumkin. Bu esa - harsillash, surunkali kislorod yetishmovchiligiga olib keladi, dedi Otabekov.
Bundan tashqari koronavirus yurak-qon tomir tizimida, buyraklarda va asab sistemasida ham patologik oʻzgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Turli tasdiqlanmagan manbalarda koronavirusdan davolangandan soʻng miya yemirilishi, bepushtlik kabi asoratlar qoladi, degan maʼlumotlar tarqamoqda. Kasallikning tibbiy patogenezi bilan tanishmagan holda bunday gaplarni tarqatish nooʻrin.
Koronavirusning yengil shaklini boshdan kechirgan bemorlarda kasallikdan tuzalgandan keyin deyarli asoratlar kuzatilmayapti, dedi bosh sanitar shifokor.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda Oʻzbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 18 531 kishiga yetgan. Ulardan 9872 nafari (53%) sogʻaygan. 99 kishi ushbu infektsiya qurboniga aylangan, 8560 nafar bemorga davo choralari koʻrilmoqda. Ulardan 100 nafari ogʻir, 27 nafari esa oʻta ogʻir ahvolda.