TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. Varshava – Toshkent – Riga charter reysi orqali 220 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi.
Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini Vatanga olib kelish uchun Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq Latviyaning “SmartLynx Airlines” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan Varshava – Toshkent – Riga reysi orqali 220 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi.
Samolyot bortida Polshada koronavirus sababli belgilangan qator tartiblar tufayli qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolari, talabalar, tadbirkorlar va migrantlar bor edi.
Shuningdek, mazkur reys bilan Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Avstriyada tahsil olayotgan 17 nafar o‘zbekistonlik talaba ham vatanga qaytarildi.
Ushbu charter reys O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan Tashqi ishlar va Transport vazirliklari bilan birgalikda, pandemiya paytida vatanga qaytish istagidagi O‘zbekiston fuqarolariga yordam berish maqsadida amalga oshirildi.