TOShKENT, 11-iyul - Sputnik. Gretsiya Turkiyaning Istanbuldagi Avliyo Sofiya cherkovini masjidga aylantirish haqidagi qaroridan so‘ng Anqaraga qarshi zudlik bilan sanksiyalar kiritishi, Komotinidagi turk konsulligini, Salonikidagi Kamol Otaturk muzeyini, Turkiya bilan chegaralarni yopmog‘i hamda Votanikosdagi masjidni ochmasligi va yuzlab noqonuniy masjidlarni berkitishi lozim, dedi RIA Novostiga Yevroparlamentning sobiq deputati, "Gretsiya – boshqa yo‘l" partiyasi prezidenti Notis Marias.
Marias Krit universiteti professori bo‘lib, ta’lim maskanida Yevropa ittifoqining institutsional tuzilishidan dars beradi.
Turkiya davlat kengashi - mamlakatning oliy ma’muriy sudi - juma kuni 1934-yilda imzolangan Avliyo Sofiya soborini muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi. Voqeadan ko‘p o‘tmay Turkiya prezidenti Toyib Erdog‘an soborning masjidga aylantirilishi va u yerda musulmoncha ibodatlar boshlanishi haqida qarorni imzoladi.
"Erdog‘an ko‘p yillar davomida Avliyo Sofiya soborini masjidga aylantirishga tayyorladi. Shu boisdan, 2014-2019 yillarda Yevroparlament deputati bo‘la turib, ko‘p bora uni Yevropa parlamentidagi chiqishlarimda qoralaganman", - deydi Marias.
U Erdog‘anning sobor bo‘yicha qarorini fitnaga yo‘g‘rilgan, tarixga zid, mutlaqo noqonuniy, deb atadi.
"U YuNESKOning Avliyo Sofiya soborini Butunjahon merosi obyekti deb e’lon qilish haqidagi qarorini buzmoqda. Avliyo Sofiya sobori - Erdog‘anning o‘ljasi emas, u butun insoniyatga tegishli. U nasroniylik ramzi. Uni masjidga aylantirib, Erdog‘an nafaqat nasroniylarni, balki butun insoniyatni tahqirlamoqda", - deydi siyosatchi.
"Dunyo madaniy hamjamiyati Turkiyaning chaqirig‘iga qarshi turishi hamda "madaniyat va varvarlik" singari ikkilanishga varvarlikka yo‘q, murosasizlikka yo‘q, islom fundamentalizmiga yo‘q, deb javob berishi kerak", - deydi Marias.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Erdog‘anning Avliyo Sofiya soborini masjidga aylantirish bo‘yicha noqonuniy qarori allaqachon Gretsiya, Rossiya, YeI va AQSh, hamda barcha nasroniy din peshvolari tomonidan qoralangan.
"Ushbu kontekstda Moskva Patriarxiyasining murojaatnomasi ayniqsa baland yangradi", deb hisoblaydi siyosatchi.
Uning fikricha, xalqaro hamjamiyat, YuNESKO, Yevropa Ittifoqi va butun madaniyatli dunyo Avliyo Sofiyaning muzey va Butunjahon merosi sifatida saqlanib qolishi uchun doimiy kurashni e’lon qilishlari lozim, pravoslav xalqlari, greklar va ruslar esa "Avliyo Sofiyaning zamonaviy qulashi, pravoslavlarga qarashli eng katta cherkovning masxaralanishi, bizning nasroniy dinimizga bo‘lgan haqoratga qarshi" kurashning old qatorida turishlari kerak.
Siyosatchi keskin javob choralarini taklif qildi.
"Gretsiya zudlik bilan Turkiyaga qarshi sanksiyalar kiritmog‘i lozim. (Musulmon ozchilik istiqomat qiladigan) Komotinidagi turk konsulligini yopishi, Salonikidagi Kamol muzeyini mahkamlashi, Turkiya bilan chegaralarni yopishi hamda odamlar va tovarlarning har qanday harakatini ta’qiqlashi, Votanikosdagi masjidni ochmasligi, immigrantlar tomonidan boshqariladigan yuzlab noqonuniy masjidlarni yopishi kerak", - deydi siyosatchi.
"Shu bilan birga, Gretsiya YeIni Turkiyaga iqtisodiy sanksiyalar kiritishni, xususan, Turkiyani YeI va Yevropa investitsiya banki orqali moliyalashtirishni ta’qiqlashga, turk amaldorlarining aktivlarini muzlatishga, turk amaldorlarining YeIga kirishini ta’qiqlashga va turk mahsulotlarini Yevropa Ittifoqiga import qilinishiga embargo joriy etilishini qat’iy talab qilishi kerak. Faqat shu yo‘l bilan biz Erdog‘anga Avliyo Sofiya sobori pravoslavlikning eng buyuk cherkovi ekanligi va shunday bo‘lib qolishi, u o‘z harakatlari bilan bu holatni bulg‘ay olmasligi haqida xabar yuboramiz", - deydi Marias.
Zamonaviy Turkiya davlatining asoschisi Kamol Otaturkning Salonikidagi muzeyiga har yili Turkiyadan o‘n minglab sayyohlar tashrif buyuradi.
Gretsiyadagi masjidlarga keladigan bo‘lsak, bir necha oydan so‘ng Afina shahrining Votanikos tumanida masjid ochilishi kutilayotgan edi. Afina - masjidlar mavjud bo‘lmagan eng so‘nggi Yevropa poytaxti bo‘lib qolmoqda. 1832-yilda Usmoniylar saltanatidan mustaqillikni e’lon qilgach, Gretsiyaning birorta hukumati shu paytgacha Afinada masjid qurishga ruxsat bermagan. Gretsiya poytaxtida Yaqin Sharq, Afrika va Hind subkontinentidan o‘n minglab musulmonlar istiqomat qilishadi.
Ayya-Sofiyaga nasroniy imperator Yustinian tomonidan asos solingan va u 537-yilning 27-dekabrida ochilgan. Ikki ming yildan ziyod tarixga ega sobor nasroniylar dunyosidagi eng yirik ibodatxona sanalgan. Konstantinopol Usmoniylar tomonidan bosib olinib, Vizantiya saltanati qulagach sobor 1453-yilda masjidga aylantirilgan, ammo 1934-yilda zamonaviy turk davlati asoschisi Kamol Otaturkning dekretiga muvofiq bino muzeyga aylantirilgan va YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Ayya Sofiyani masjidga aylantirish qaroriga dunyoning ko‘plab davlatlarida keskin munosabat bildirildi.