Qudratli neft davlati ustida qora bulutlar quyuqlashmoqda

Osoyishta va serbaraka paytlarda hamma bir-biriga do‘stdir, milliy iqtisodiyot xavf ostida bo‘lgan davrda esa - hamma o‘z imkoniga qarab omon qolishga harakat qiladi.
Sputnik

Uglevodorodlar bozori uzra yana bulutlar qalinlashdi. The Wall Street Journal xabar berishicha, bu safar Saudiya Arabistoni endi Nigeriya va Angola bilan munosabatlarning yangi keskinlashuviga o‘tishga tayyorlanmoqda, deb yozadi RIA Novosti muallifi Sergey Savchuk.

Nashr manbalarining ta’kidlashicha, iyun o‘rtalarida, onlayn-konferensiyada qirollikning Energetika masalalari vaziri, shahzoda Abdul-Aziz ibn Salmon ushbu ikki mamlakat vakillariga qat’iy ultimatum bilan murojaat qilib, neft qazib olishni qisqartirishni va OPEK+ so‘nggi kelishuviga binoan olingan majburiyatlarni bajarishni talab qildi.

Tramp Rossiya va Saudiya Arabistoni bilan neft borasida muzokaralar boshlanishini e’lon qildi

Agar Abuja va Luanda ishlab chiqarishni qisqartirmasa, Saudiyaliklar demping siyosatini qo‘llab, ularni asosan Nigeriya va Angola neftini oladigan Osiyo bozoridan siqib chiqarish huquqini saqlab qoladi.

OPEK+ ning bahorgi kelishuvi 1-maydan boshlab ishlab chiqaruvchi mamlakatlar neft qazib olishni qisqartirishini va bu o‘z navbatida energiya narxini ko‘tarilishi orqali bozorlarni to‘yintirishni yengillashtirishini nazarda tutadi.

Qutqarish rejasi dastlabki davrda (may – iyun oylari) jami ishlab chiqarishni kuniga 9,7 million barrelga, keyinchalik esa (iyul – dekabr oylarida) 7,7 millionga qisqartirilishini va 2021-yilning birinchi yarmida o‘rtacha narxlarni ushlab turish uchun atigi 5,7 millionga qisqarish yetarli bo‘lishini ko‘zda tutadi.

Kelishuvning o‘zida ikkita jihat qiziq, deydi RIA Novosti kolumnisti. Birinchisi: OPEK+ doirasida bitim tuzishni tashabbuskori aynan Ar-Riyod bo‘lgan, u qishdayoq Moskvaga qarshi narxlar urushini e’lon qilgan va shunga o‘xshash ultimatumlarni qo‘ygan edi.

Ikkinchi qiziq tomoni shundaki, aprel kelishuvi barcha imzolovchilar uchun ixtiyoriydir. Ya’ni, ular buni bajarishlari ham bajarmasliklari ham mumkin.

Aytish kerakki, OPEKning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan Nigeriya va Angola kelishuvni boshidanoq amalga oshirishga to‘sqinlik qilishgan, ammo boshqalar qatorida ular eng ashaddiy rad etuvchilardan uzoqroq bo‘lishgan.

Yevropa va AQSh Saudiya neftidan voz kechmoqda - OAV

May oyi natijalariga ko‘ra, ishlab chiqarishni qisqartirish rejasiga qoniqarsiz amal qilinayotgani ma’lum bo‘ldi: masalan, Iroq va Gabon uni yarmiga bajardi, Qozog‘iston, Nigeriya va Angola esa uchdan ikki qismiga bajargan. 18-iyun kuni vazirlar nazorati qo‘mitasining yig‘ilishida qozog‘istonliklar yetmayotgan hajmni qoplashni rejalashtirganligini e’lon qilgan bo‘lsa, Afrika qit’asi vakillari esa narxlarni kamida minimal foyda darajasiga olib chiqishga imkon bermaydigan darajada qazib olishni davom ettirmoqdalar.

Qo‘shimcha qilish kerak: aprel oyida, ellikta tanker yetkazib berish to‘xtatilgani fonida, Nigeriya faol ravishda o‘zining Bonny Light va Qua Iboe navlarini Brent-dan o‘rtacha uch dollarga arzonroq narxda sotishni boshladi. Bu bilan u o‘z  majburiyatlaridan qochayotganini namoyish qildi va  Saudiya Arabistoni tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘ldi, chunki past narxlar qirollik budjetiga juda og‘riqli zarar yetkazayotgan edi.

Bu yil saudiyaliklar uchun juda umidli boshlangan edi. Dekabr - yanvar oylarida Saudi Aramco davlat gigantining aksiyalari ulushi rekordli 29 milliard dollarga sotildi, neftning bir barreli esa yetmish dollardan sotilgan edi.

Qirollik budjeti to‘liq bajarilishi uchun neftning bir barreli - 80 dollardan sotilishi kerak, lekin neftning joriy narxi - 40 dollar. Neft va gaz daromadlari yalpi ichki mahsulotning yarmini va eksport daromadining 70 foizini tashkil etadigan Saudiya Arabistoni bozorni tiklashdan eng birinchi manfaatdor ekan mantiqan to‘g‘ri. Axir yil oxiriga kelib, Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya budjeti taqchilligi 15% dan oshib, 100 milliard dollarga yetadi.

Saudiya Arabistoni "Katta yigirmatalik" favqulodda sammitini onlayn rejimda chaqiradi

Mavjud vaziyatni yengib o‘tishda asosiy qiyinchilik - samarasi shubhali bo‘lgan ultimatumlar diplomatiyasidan tashqari, Nigeriya va Angola ham xuddi shunday qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganidir. Ularning oldida oddiygina tanlov bor: ongli ravishda o‘z iqtisodini bo‘g‘ib qo‘yish yoki Rossiyadan o‘rnak olib, saudiyaliklar bilan qarama-qarshilikka borish.

Asosiy ko‘rsatkichlarni o‘rganib chiqsak tanlovning tanqisligi ayon bo‘ladi: Nigeriya neft qazib olish bo‘yicha dunyoda sakkizinchi va Afrikada birinchi o‘rindadir, kuniga ikki million barrel qazib olinadi. Uglevodorod eksporti yalpi eksport tushumining 90% dan ortig‘ini tashkil etadi.

Angola ham undan ortda qolmayapti, u o‘nlab yillar davom etgan qonli fuqarolik urushidan keyin Kongo havzasidagi neftiga asoslangan tizimli rivojlanishga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Kuniga bir yarim million barrel ishlab chiqaradigan Angolaning neft bozori ExxonMobil, Total, Chevron va British Petroleum tomonidan egallab olingan va ishlab chiqarishning pasayishidan bu kompaniyalar uncha mamnun bo‘lmaydilar.

Yer osti boyliklari bu yerda yalpi ichki mahsulotning 37 foizini, davlat daromadlarining 75 foizini va (Nigeriyaga o‘xshab) eksport tushumining 90 foizini tashkil qiladi. Shunga qaramay, oxirgi to‘rt yil ichida Angola iqtisodiyoti salbiy o‘sish sur’atlarini ko‘rsatmoqda.

OPEK-ning ushbu ikki a’zosi o‘zlarining yagona likvid mahsuloti – energiya tashuvchilarni taklif qilib, omon qolish uchun kurashayotganlaridan hayratlanarli hol emas.

Saudiya Arabistoniga neft urushi qimmatga tushadi - Bloomberg

Saudiyaliklar kartel bo‘yicha o‘z hamkorlarini ishlab chiqarishni qisqartirishga majburlash usuli alohida ko‘rib chiqishga arziydi, chunki bu o‘yin ultimatum mualliflarining kutganlaridan ko‘ra butunlay boshqacha yakunlanishi mumkin.

Bu ikkala mamlakatdan ham ikki baravar ko‘p neft ishlab chiqaradigan Saudiya Arabistoni Angola va Nigeriyani Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlaridan faqatgina nazariy jihatdan siqib chiqarishi mumkin.

Chunki Xitoy va Hindiston bozori nafaqat afrikaliklar uchun, balki saudiyaliklar uchun ham manfaatli va muhimdir. Aynan Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga eksportning o‘ttiz foizga qisqarishi, birinchi chorakda qirollik budjeti 11 milliard dollarni yo‘qotishiga olib keldi. Olti oylik ma’lumotlari hali yo‘q, ammo ular yaxshiroq natijani ko‘rsatmaydi.

Osiyo bozorini raqobatchilardan bir necha dollarga arzonroq neft bilan to‘ldirish - bu boshi berk ko‘chaga yurish bilan teng. Chunki Hindiston kasallar sonining keskin oshishi sababli yana chuqur karantinga cho‘kadi, Xitoy esa, tiklanishga o‘tgan yagona iqtisodiyot sifatida, boshqa takliflar ichidan xortirjam tanlashi mumkin.

OAV: amerikalik diplomatlar Saudiya Arabistonini tark etadi

Dunyoda neft nafaqat Yaqin Sharqda qazib olinadi, AQShning o‘zida neft omborlari rekord darajagacha to‘ldirildi. Etalonli Brent va WTI-larning 540 million barreli o‘z xaridorini kutmoqda, va shubha yo‘q, amerikaliklar haddan tashqari ishlab chiqarish tuzog‘idan qutulish maqsadida, uni katta mamnuniyat bilan har kimga sotib yuboradi.

Ayrim davlatlar xalqaro hamjamiyat bilan ultimatumlar tili yordamida aloqa o‘rnatishga urinayotgani samarasizdir, va bu har kimni ham cho‘chitmay qo‘ydi. Biroq, Angola va Nigeriya neft o‘yinining qoidalarini qabul qilish-qilmasligidan qat’i nazar, keskinlik faqat kuchayadi.

Hech bo‘lmaganda global pandemiya tugab, sanoat yana millionlab barrel va milliard kubometr yoqilg‘iga ehtiyojni sezmaguncha.

Bu osoyishta va serbaraka paytlarda hamma bir-biriga do‘stdir, milliy iqtisodiyotning omon qolishi xavf ostida bo‘lgan davrda esa hamma o‘z imkoniga qarab omon qolishga harakat qiladi.