Bir necha soat ichida ikkinchi poytaxtlik koronavirusdan vafot etdi

O‘zbekistonda 33-bemor koronavirus qurboniga aylandi. Bu kun davomida kuzatilgan ikkinchi o‘lim hisoblanadi.
Sputnik

TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 33 nafarga yetdi.

SSV xabariga ko‘ra, Toshkentda 45 yoshli erkak koronavirusdan vafot etdi. Unda bir necha kun davomida koronavirus alomatlari sezilib, tana haroratining ko‘tarilishi, tomog‘ida og‘riq va holsizlik kuzatilgan.

Ammo shunday  bo‘lishiga qaramasdan u shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilmay, uy sharoitida davolanib yurgan.

Koronavirus bilan kasallangan yana bir toshkentlik vafot etdi

Natijada shu yilning  30-iyun kuni  Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga o‘ta og‘ir holatda, o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan olib kelinib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga yurak ishemik kasalligi, o‘tkir yurak va nafas  yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya dastlabki tashxisi qo‘yilgan.

Biroq shifokorlarning muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etdi.

Eslatib o‘tamiz, biroz avval poytaxtlik 71 yoshli onaxon koronavirusdan vafot etgani xabar qilingan edi.