TOShKENЬ, 4-iyul - Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida o‘tkazgan tezkor tadbirlari natijasida jami a’zolari 25 nafar bo‘lgan ikkita yashirin “jihodchilar” guruhi faoliyatiga chek qo‘yildi.
Guruhlarning biri 2019-yilning may oyida tashkil etilib, unga yetakchilik qilgan shaxs o‘tgan yilning noyabr oyida Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo‘shilgan.
Ikkinchi guruh esa muqaddam ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan fuqaro tomonidan tuzilgan.
Dastlabki surishtiruv jarayonlarida ma’lum bo‘lishicha, birinchi guruh a’zolarining aksariyati hozirda Suriyadagi jangarilar safida bo‘lgan o‘z yetakchisi bilan internet orqali muntazam ravishda aloqa qilib turgan.
O‘zaro yig‘inlarda guruhlar a’zolari diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining, jumladan, “Abu Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy”larning “hijrat” va “jihod” qilish to‘g‘risidagi audio-video ma’ruzalari hamda da’vatlarini tinglab, “Jihodchilar” oqimi g‘oyalarini o‘z atrofidagilarga targ‘ib qilib kelishgan.
1968-2002 yillar oralig‘ida tug‘ilgan mazkur shaxslarning 3 nafari avval ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etganliklari uchun javobgarlikka tortilgan bo‘lsalarda, qilmishlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.
Ta’kidlash lozimki, mazkur guruhlar a’zolari orasida xususiy nashriyot rahbari, tibbiyot xodimi, arab tili kursi o‘qituvchisi, umumiy ovqatlanish muassasalari ishchilari va tijorat ishlari bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bor.
Har ikki guruh a’zolarining yashash manzillarida o‘tkazilgan tintuv tadbirlari davomida 200 dan ortiq norasmiy diniy adabiyotlar va varaqalar, shuningdek, kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon, flesh-karta va DVD disklar borligi aniqlanib, ularda saqlanayotgan ma’lumotlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun protsessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.
Hozirda Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining qarori hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosalariga ko‘ra “Abu Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy”larning ma’ruzalari aqidaparstlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligi va mamlakatimizdagi konstitutsion tuzumni qonunga xilof tarzda o‘zgartirishga qaratilganligi bois, ularni respublikamiz hududiga olib kirish, saqlash va tarqatish taqiqlanadi hamda Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.