TOSHKENT, 12 yanv — Sputnik. Toshkent shahrida Oʻzbekistonda faoliyati taʼqiqlangan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimining*(DEO) bir guruh aʼzolarining jinoiy faoliyatiga chek qoʻyildi. Ularni qoʻlga olish borasidagi tadbir 7 yanvar kuni Oʻzbekiston IIV-DXX xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bu haqda IIV xabar qildi.
Mavjud maʼlumotlarga koʻra, ushbu shaxslar Oʻzbekiston hududida Suriyada panoh topgan terroristik uyushma aʼzolarining topshiriqlarini bajarib kelishgan va aholi orasida qonunga xilof ravishda “Jihodchilar” DEO* gʻoyalarini tarqatganlar.
Shu yoʻl bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar. Shuningdek, ular mamlakatdagi yoshlar orasida oʻzlarining aqidaparastlik gʻoyalarini singdirib, Suriya hududidagi xalqaro terrorchilik tashkilotlarining safiga qoʻshilib, jinoyat sodir etishga daʼvat qilganlar.
Qayd etilishicha, ushlangan shaxslarda ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlangan va protsessual tartibda olib qoʻyilgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.
“Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi daʼvatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini soʻraymiz”, - deyiladi xabardi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti faoliyati Oʻzbekiston hududida taʼqiqlangan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilgan.
*“Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti Oʻzbekistonda taqiqlangan tashkilot