TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov AQShning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod va AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, tomonlar yaqin siyosiy munosabatlar o‘rnatilganini, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va harbiy-texnikaviy aloqalar mustahkamlanganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
“AQSh tomoni O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishda mintaqaviy yondashuvni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi va ushbu yo‘nalishda faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi”, - deyilgan xabarda.
Muzokaralar chog‘ida Afg‘oniston va mintaqa o‘rtasidagi iqtisodiy, transport-kommunikatsiya aloqalarini kengaytirishga ko‘mak beradigan qator loyihalarni moliyalashtirish uchun DFC mablag‘larini jalb qilish yuzasidan fikr almashildi.