TOShKENT, 23-iyun - Sputnik. Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan oliy darajadagi muzokaralar davomida O‘zbekiston yetakchisiga Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75-yilligiga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirdi.
"Hurmatli Shavkat Miromonovich, sizni ko‘rib turganimdan behad xursandman. G‘alabaning 75-yilligi munosabati bilan uyushtirilgan tantanali tadbirlarga, Paradga kelganingiz uchun rahmat. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari bo‘linmalarining 75 nafar harbiylari ertaga Moskvadagi Qizil maydonda o‘tishidan mamnunman", - dedi Rossiya yetakchisi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "birinchi bor", deya bu gapga aniqlik kiritib o‘tdi.
Putin harbiylarning paraddagi ishtirokiga "bu bizning strategik sheriklik munosabatlarimizning yaqqol namoyishidir", deya baholadi.
Putinning aytishicha, u O‘zbekiston prezidenti 9-may kuni Toshkent shahrida G‘alaba parkini ochganidan boxabar.
Rossiya prezidenti, shuningdek, O‘zbekiston xalqi G‘alabaga qo‘gna ulkan hissasini, O‘zbekiston evakuatsiya qilingan ikki millionga yaqin insonlarni bag‘rikenglik bilan qabul qilganini, evakuatsiya qilingan korxonalarning aksariyati O‘zbekistonda joylashtirilganini yodga oldi.
Mirziyoyev o‘z navbatida, Vladimir Putin va butun Rossiya xalqini ulug‘ ayyom bilan tabrikladi.
"Bu – bizning umumiy tariximiz, umumiy g‘alabamiz", - dedi Shavkat Mirziyoyev. Toshkentdagi G‘alaba bog‘ining Yodgorlik majmuasi fondini boyitish, shuningdek, O‘zbekiston xalqining G‘alabaga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida yanada haqqoniy statistik ma’lumotlarni olish maqsadida arxiv materiallarini taqdim etishga tayyorlik namoyish etgani uchun Rossiya tomoniga minnatdorlik bildirildi.
Suhbat chog‘ida strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.