Koronavirus Markaziy Osiyoda: Tojikistonda kunlik eng kam holat aniqlanmoqda

Qozog‘istonda vaziyat og‘irlashmoqda: bir hafta ichida 45 kishi qurbon bo‘ldi, O‘zbekistonda to‘yda kelin va bir necha kishi koronavirus yuqtirib oldi, Tojikistonda mintaqada kunlik eng kam holat aniqlanmoqda, Qirg‘izistonda kasallanganlar soni 3100 nafardan oshdi.
Sputnik

TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. So‘nggi taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarida jami 31 991 ta koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etilgan.

Qozog‘istonda vaziyat og‘irlashmoqda. Epidemiologik vaziyat va koronavirus bilan kasallanish soni ko‘payishi sabab Nur-Sulton, Olmaota va Qozog‘istonning bir nechta mintaqalarida 20-21 iyun kunlari yangi cheklovlar joriy etildi. Yirik shaharlarda savdo-ko‘ngilochar markazlar, jamoat transporti va odamlar guvjum bo‘ladigan boshqa joylar yopildi.

Mamlakat mintaqada holat va o‘lim bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Qozog‘istonda o‘tgan kun davomida 446 ta yangi holat tasdiqlangan. Kasallanganlarning umumiy soni 17 225 nafarga yetgan. Shulardan 10 671 nafari tuzalib ketgan. Jami 118 ta o‘lim holati kuzatilgan. Hafta davomida esa 45 kishi virus qurboni bo‘lgan. Bundan tashqari, Qozog‘istonda kasallik alomatlarisiz o‘tayotgan bemorlar soni 8845 nafarga yetgan. Ular alohida qayd etiladi va asosiy statistikaga kiritilmaydi.

Nursulton Nazarboyev koronavirus yuqtirib oldi

O‘zbekistonda o‘tgan kun davomida 207 ta yangi holat aniqlandi. Yangi kasallanganlarning 179 nafari karantin muassasalarida, 19 nafari aholi orasida (shundan 13 nafari Toshkent shahrida, 4 nafari Toshkent viloyatida, 1 nafari Surxondaryo hamda yana 1 nafari Xorazm viloyatida), qolgan 9 nafari esa xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida aniqlangan.

Kuni kecha Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro to‘rt kun ichida ketma-ket ikkita nikoh to‘yi o‘tkazgan. To‘yda kelin va 12 nafar marosim ishtirokchisi koronavirus yuqtirib olgan. Yuzlab odamlar virus yuqtirib olganlikda gumon qilinib, tahlil natijalarini kutmoqda.

2020 yil 21-iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 6216 (+63) nafarni tashkil etmoqda.

Respublika bo‘ylab 4290 nafar (69 foiz) bemor butunlay davolanib chiqqan. Mamlakatda 19 ta o‘lim holati kuzatilgan. Qayd etish joizki, hafta davomida o‘lim holati kuzatilmadi.

O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanish soni ko‘payishi sababi nimada – virusolog

Tojikistonda mintaqada eng oxirida (30 aprel kuni) koronavirus aniqlangan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, aniqlanayotgan kunlik holatlar 60-70 tani tashkil edi. O‘tgan kun davomida 61 kishida koronavirus aniqlangan bo‘lsa, 64 kishi darddan forig‘ bo‘lgan. Koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 5399 nafarga yetgan. Shulardan 3894 nafari (72,1 foizi )tuzalib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Qurbonlar soni esa 51 nafarga yetgan.

Qirg‘istonda o‘tgan sutka davomida 170 ta yangi holat aniqlangan.  Kasallanganlarning umumiy soni 3151 nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 2011 nafari COVID-19ni yenggan. 37 ta o‘lim holati kuzatilgan. Bu o‘tgan haftaga qaraganda 10 taga ko‘proq.

Turkmanistonda esa hozirga qadar koronavirus rasman qayd etilmagan va u mintaqadagi infeksiyadan xoli mamlakat bo‘lib turibdi.

Butun dunyo bo‘ylab 8,3 milliondan ziyod kishi koronavirus yuqtirib olgan. 4,7 milliondan ortiq kishi shifo topgan. Qurbonlar soni 467 mingdan oshgan.