TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Samarqandda MIB xodimlarini yoqib yuborishga uringan ayolga jazo tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, 21-yanvar kuni MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi M.Bekmuhammedov 12 nafar davlat ijrochisi yordamida Samarqand shahar sudining 2019-yil 12-sentabrdagi ijro hujjatiga asosan javobgar D.R.ni xonadonidan majburiy chiqarishga uringan.
Ammo fuqaro D.R. uy-joydan chiqishdan qat’iy bosh tortib, MIB xodimlarining xizmat faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatgan. Ayol ularning ustiga benzin yoqilg‘isini sepib, qo‘lida yonib turgan sochiqni ham ularga qasddan uloqtirgan. Shu tariqa ularni xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majbur qilgan.
Sud D.R.ni Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga uzil-kesil o‘tash uchun 1-yil 7 oy 9 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida D.R. MIB xodimlariga qarshilik qilib, ularga benzin sepib yoqib yubormoqchi bo‘lgani xabar qilingan edi.