TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. Bugun Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan onlayn-brifing o‘tkazildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Unda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev karantin davrida Toshkent shahar hokimligi va uning tarkibiy tuzilmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
Dezinfeksiya ishlari
Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxona va tashkilotlarda, ijtimoiy soha obyektlarda, shox ko‘chalarda, mavzelarda, bozorlarda, supermarketlarda, ko‘p qavatli uylar podyezdlarda, yo‘laklarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi.
Mudofaa vazirligi, milliy gvardiya, IIV, FVV xodimlari - 1500 harbiy, 200 tadan ortiq texnika, tuman hokimliklari bilan birgalikda, 150-180 nafar ko‘ngillilar guruhi sektorlar kesimida 36ta otraddan tashkil etilib, dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi. Tadbirlar boshlangandan beri, 14 124ta obyekt jami 4 mln 928 ming m2 dezinfeksiya qilindi.
Tushumlar bo‘yicha
Joriy yil birinchi choragida reja bo‘yicha 2 trln 386 mlrd so‘m tushum rejalashtirilgan bo‘lsa, 2 trln 626 mlrd so‘m tushum ta’minlandi, belgilangan reja 110 %ga bajarildi. Aprel oyi uchun belgilangan reja 105%ga, may oyida esa 103%ga bajarildi.
Reja tushumi bajarilishi davlat o‘zining oldida qo‘ygan asosiy vazifalari, ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘lar, pensiyalar va boshqalar to‘liq to‘lanishi ta’minlanadi.
Oziq – ovqat mahsulotlari
Bozorlarda kuchli sanitariya normalari joriy etildi. Jami 130ta kirish-chiqish joyi bo‘ladigan bo‘lsa, infeksiya tarqalmasligi uchun 30taga tushirildi. Bozorlar tomonidan 14-martdan 8-iyungacha jami 201 390 tn mahsulot sotildi. Xususan, 1754 tn go‘shtlari, 7493 tn kartoshka (tanqislik bo‘lmasligi uchun xorijdan ham import qilindi, narx keskin o‘sishi kuzatilmadi), 3706 tn piyoz, 1574 tn sabzi, 15 mln donadan ortiq tuxum, 1 945 tn guruch, 1 184 tn shakar va boshqa mahsulotlar sotildi.
Toshkent shahar hokimligi, shahar prokuraturasi tomonidan yaqin atrofda do‘koni bo‘lmagan hududlarning ro‘yxatini tuzilib, 300 dan ortiq joyda ko‘chma-savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Aprel-may oylarida mahallalarda 2705ta ko‘cha-savdo yarmarkalari tashkil etildi. Unda jami 3700 tn mahsulot sotildi.
Fuqarolarga yordam
“Sahovat va ko‘mak” umumxalq harakati tashkil etildi. Buning natijasida Toshkent shahrida may oy boshiga ro‘yxatlar tuzildi, sektorlar orqali tasdiqlandi, 35 445ta oila aniqlandi. 34 900 oilalarga plastik kartochkalar ochilib, 21 mlrd 750 ming so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
Tadbirkorlik subyektlariga yordam berish masalasida kredit muddatlarini uzaytirish bo‘yicha banklar tomonidan tadbirkorlarga ajratilgan kredit muddatlarini oktabrga qadar uzaytirilishi ta’minlandi. Jumladan, 241 731ta kredit shartnomalarining 6,8 trln so‘mlik to‘lov qismi muddati 6 oyga kechiktirildi (yuridik shaxslarining 13 989 ta shartnomasi bo‘yicha 6,1 trln so‘m, jismoniy shaxslar - 224 365 ta shartnomasi bo‘yicha 549 mlrd so‘mlik, yakka tartibda tadbirkorlik 3377 ta shartnomasi bo‘yicha 108,9 mlrd so‘m)
“O‘zekspomarkaz”da xayriya ishlarini yagona muvofiqlashtiruvchi markazi ochildi. Markaz o‘z faoliyatini 2-apreldan boshlab, 20-aprel kuni tugatdi. "1197-raqam" koll-sentr orqali va mahalla fuqarolar yig‘ini, ijtimoiy tarmoqlar, xalq qabulxonalari ishonch telefonlari orqali murojaatlar kelib tushdi. Markazidan jami 87 043 oziq-ovqat jamlanmalari ajratildi.
Nafaqat qiynalib qolgan oilalarga, shu bilan bir qatorda, Sog‘liqni saqlash muassasalari - Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi, davlat sanitariya-epidemiologiya inspeksiya, karantinga yopilgan davolash profilaktika muassasalari xodimlariga, O‘rtasaroydagi karantin markazi, Olmazor tumanidagi 1-chi, 2-chi muruvvat uylari, poytaxtga ish izlab kelgan, karantin davrida vaqtincha yashash manzillarida qolgan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga tarqatildi.
Brifing yakunida Furqat Mahmudxo‘jayev bu xayriya ishlarda o‘z hissasini qo‘shgan barcha fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.