O‘zbekistonda turizm uch bosqichda tiklanadi

Mamlakatning turizmni qayta tiklash rejalari haqida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi “Tiklanish yo‘li” xalqaro onlayn turizm konferensiyasi doirasida so‘zlab berdi.
Sputnik

TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda turizmning tiklanishi uch bosqichda amalga oshiriladi. Avval ichki turizm, keyin hududiy turizm va pandemiya vaziyatini hisobga olgan holda tashqi turizm tiklanadi.

Mamlakatning turizmni qayta tiklash rejalari haqida bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov “Tiklanish yo‘li” xalqaro onlayn turizm konferensiyasi doirasida so‘zlab berdi.

Xonobod shahri Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylantiriladi

Turizm qo‘mitasi xabariga ko‘ra, konferensiya O‘zbekiston tashabbusi hamda Butunjahon turizm tashkiloti (BTT) shafeligida o‘tgan.

2020 yilning 1-iyunidan O‘zbekistonning “yashil” va “sariq” hududlarda ichki turizm qayta tiklandi. Shu sanadan e’tiboran ko‘rsatilgan hududlarda tegishli tashkilotlar – turoperatorlar, turagentliklar, joylashtirish vositalari, madaniyat, madaniy meros obyektlari sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda ish boshlashi mumkin.

Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 63 foiz turoperatorlar va 81 foiz joylashtirish vositalari (mehmonxonalar, hostellar) o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Birinchi bosqich ichki turizm orqali ularning faoliyatini qayta tiklashga bag‘ishlanadi. Shuningdek, xalqaro turizmni tiklashga maksimal tayyor bo‘lish uchun ushbu bosqichda Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED xavfsizlik tizimi joriy qilinadi.

Ikkinchi bosqich qo‘shni mamlakatlar va MDH davlatlari bilan tashkillashtirilgan hududiy turizmni qayta tiklashdan iborat bo‘ladi. Bunda turistik guruhlarning butun sayohat davomida xavfsizlik, sanitar-gigiyenik talablar va ijtimoiy masofa  choralariga rioya qilish masalalarini ishlab chiqish juda muhim,

Turizm qo‘mitasi raisi hududlar bo‘yicha hamkasblariga tezkor munosabat bildiruvchi qo‘shma guruhni tuzish, turli mavzuda yangi aralash turlarni ishlab chiqish bilan ham uyg‘unlashtirishni taklif etgan: gastronomik turlar, vitamin turlari, ko‘chmanchilar turlari, mototurlar, palov turlari, arxeologik hamda sizu bizning turistik shahar va markazlarimizdan o‘tuvchi boshqa turlar.

O‘zbekiston turistlarni qabul qilishga tayyorlanmoqda

Buning uchun maxsus Silk Road Project platformasi yaratilgan. Unda nafaqat Ipak yo‘li mamlakatlari turistik salohiyati, balki istiqbolli mintaqaviy turmahsulotlar va marshrutlar ham targ‘ib qilinadi.

Uchinchi bosqichda O‘zbekiston sekin-astalik bilan tashqi turizmni tiklaydi. Bunda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqib,  fuqarolariga mamlakatga kirish ruxsat etiladigan uzoq xorijiy davlatlar ro‘yxati tuziladi.

Qo‘mita koronavirus pandemiyasi inqirozidan chiqayotgan va turistik bozorlar ochilishiga tayyorlanayotgan Yevropa va Osiyo mamlakatlari tajribasini o‘rganadi. Tahlil yakunlariga ko‘ra, amalga oshiriladigan xalqaro reyslarni qayta tiklash geografiyasiga doir qarorlar qabul qilinadi.

Turizm sanoatini tiklashning uch bosqichi davomida mahalliy va xorijiy sayyohlarning tashrifi doirasida xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda yangi tematik tadbirlarni o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Gastronomik festival va aksiyalar, “Stixiya” musiqa festivali, “Aqchako‘l” plyaj o‘yinlari, Hosil festivali, “Uchinchi yosh turizmi” haftaligi kabilar shular jumlasidandir.

Buxoro shahri 2020-yilda Islom madaniyati poytaxti deya e’lon qilingan., Dunyodagi vaziyat yaxshilanishi va xalqaro turizmning tiklanishi bilan mamlakat qator tadbirlar, jumladan, Ikkinchi ziyorat turizm forumini o‘tkazadi.

Hozirgi pandemiya turizm sanoatiga raqamlashtirish va IT- texnologiyalarni joriy qilish naqadar muhimligini yana bir bor tasdiqladi.

Shubhasiz, O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda faol ishlar olib borilmoqda. Masalan, sayyohlar, tadbirkorlar va yosh startaperlar uchun alohida yo‘nalishlar bo‘yicha online.tourism.uz sayti yaratildi.

Shuningdek, pandemiya sabab o‘z sayohatini 2021-yilga qoldirishga to‘g‘ri kelgan bo‘lajak mehmonlar uchun Online Uzbekistan va  Uzbekistan360 resurslarida virtual sayohatlarni tashkil qilindi.

“Umuman olganda, O‘zbekiston xavfsiz turizmning yangi tizimini yo‘lga qo‘ymoqda va uning qoidalari turizm sanoatining barcha ishtirokchilari uchun ortiqcha tashvish uyg‘otmaydi. Bir vaqtning o‘zida tizim turistik sayohatlarning barcha bosqichlarida kasallikning oldini oluvchi aniq va samarali jihozlarni taklif etadi”, - dedi Aziz Abduhakimov.