“O‘rikzor” bozoridagi sotuvchining ikki farzandida ham koronavirus aniqlandi

Ta’kidlanishicha, kasallanish ko‘rsatkichlari shu sur’atda o‘sib borsa, epidemiya avj olish xavfi yanada kuchayadi.
Sputnik

TOShKENT, 31-may — Sputnik. “O‘rikzor” savdo majmuasi sotuvchisining o‘g‘li va qizida ham koronavirus aniqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Toshkentning eng yirik bozorlaridan birida koronavirus aniqlandi

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi kunlarda Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari qatori Toshkent shahrida ham aholi orasida koronavirusga chalinganlar soni kun sayin oshib bormoqda.

“Kasallanish ko‘rsatkichlari shu sur’atda o‘sib borsa, epidemiya avj olish xavfi yanada kuchayadi. Bu esa aholidan yanada hushor bo‘lib, o‘zi va yaqinlari salomatligiga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishlarini talab etmoqda”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi “O‘rikzor” bozoridagi sotuvchilarning birida koronavirus aniqlanganini xabar qilingan edi. Shundan so‘ng bozor o‘sha kunning o‘zida vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan edi.