O‘zbekiston turistlarni qabul qilishga tayyorlanmoqda

Koronavirus kasalligi jilovlangan davlatlar ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan turizm aloqalarini bosqichma-bosqich tiklash kerakligi ta’kidlandi.
Sputnik

TOShKENT, 28-may - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga "Uzbekistan. Safe travel guaranteed" ("O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan") brendi ostida turistlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi loyihasi taqdim etildi.

O‘zbekistonga kelganda, albatta boriladigan 10ta joy

Prezident shuningdek, mamlakat ichki turizmni tiklash va rivojlantirish borasidagi rejalar bilan tanishildi. 

Mirziyoyev birinchi bosqichda "yashil" hududlar o‘rtasida ichki turizmga ruxsat berish zarurligini ta’kidladi.

Tog‘li joylar va ko‘l bo‘ylarida yengil konstruksiyali dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Hokimlar bilan birgalikda ko‘chma dam olish maskanlari dislokatsiyasi tasdiqlanib, elektron portalga joylashtiriladi.

Ikkinchi bosqichda koronavirus kasalligi jilovlangan davlatlar ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan turizm aloqalarini bosqichma-bosqich tiklash kerakligi ta’kidlandi.

"Turizm faoliyatini qayta tiklash uchun, eng avvalo, mehmonxonalar qanday ishlaydi, turistlar aeroportda qanday qabul qilinadi, ularning mamlakat ichida harakatlanishi qanday tashkil etiladi, degan savollarga aniq javob bo‘lishi kerak. Belgilanadigan meyorlar sodda, lekin kasallikning oldini olish uchun yetarli bo‘lishi lozim. Misol uchun, bitta holat aniqlansa, butun mehmonxonani karantinga olishga zarurat bo‘lmaydigan tizim ishlab chiqish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Turizm yo‘nalishida tadbirkorlar ko‘rgan zararni yaqin 1-2 yil ichida to‘liq qoplash qiyin. Shu bois prezident bu sohaga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish lozimligini ta’kidladi.

Koronavirus tufayli ichki turizmni rivojlantirish taklif qilindi

Xususan, turistik yig‘imlardan ozod qilish bo‘yicha avval berilgan imtiyoz yil yakuniga qadar uzaytiriladi. Shuningdek, soha korxonalari foyda solig‘ini hisoblashda 2020-2021 yildagi ko‘rgan zararlarini keyingi yillar foydasidan chegirib tashlashga ruxsat beriladi.

Mehmonxonalarga ko‘rsatgan xizmatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, ularga aylanma mablag‘ uchun kredit foiz to‘lovlarining 10 foizigacha bo‘lgan qismiga subsidiya beriladi.

Koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Jahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil yakunlari bo‘yicha xalqaro sayohatlar 89 foizga, ish o‘rinlari 74 milliontaga qisqarishi, sohadagi jami yo‘qotishlar 800 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Ma’lumki, joriy yil 16-martdan mamlakat tashqi va ichki turistlar uchun yopilgan, oqibatda 1,5 mingdan ortiq turoperator, 1,2 mingta mehmonxona o‘z faoliyatini to‘xtatgan edi.