TOShKENT, 6 mar - Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirokida Respublikaga koronavirusning turizm sohasi rivojiga salbiy ta’sirini kamaytirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda, mutasaddi tashkilotlar tomonidan turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, tashqi ta’sir omilini pasaytirish maqsadida ichki turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish taklif qilindi va bu borada tezkor chora tadbirlar rejasi qabul qilishga kelishib olindi, deyilgan xabarda.
Undan tashqari, koronavirus qayd etilmagan davlatlardan sayyohlarni jalb qilishga oid qo‘shimcha choralar ko‘rish, bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish ko‘zda tutiladi. Shuningdek, sayyohlarning urtimizga kelishi jarayonida sanitariya talablariga to‘liq rioya qilish va turli kasalliklardan ehtiyot choralarini ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi.
Videoselektor yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashqiloti ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari xokimlarining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va ushbu hududlardagi soha tadbirkorlari, xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi, Otelyerlar assotsiatsiyasi, Oshpazlar, Restoratorlar uyushmalari rahbarlari va a’zolari qatnashdi.