Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyati chegara bojxona posti xodimida koronavirus aniqlandi

So‘nggi soatlarda O‘zbekistonda 16 kishida koronavirus tasdiqlandi. Jumladan, ikki nafar chegara bojxona posti xodimlarida, ikki nafar ukrainalik haydovchida aniqlandi.
Sputnik

TOShKENT, 25-may — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq yana 16 yangi holat qayd etildi.

“2020 yil 25-may soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3180 (+16) nafarni tashkil etmoqda”, - deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Rossiyada COVID-19ga qarshi samarali dori paydo bo‘ldi

Yangi kasallanish holatlarining 4 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida aniqlangan. Ulardan 3 tasi xorijdan kelgan xalqaro yuk tashuvchi avtomobil haydovchilari (ulardan 2 nafari ukrainalik), 1 tasi chegara bojxona posti xodimida aniqlangan.

5 tasi esa Samarqand viloyatida aniqlangan. Ularning 4 nafari kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib yuqtirgan. 1 tasi esa aholi orasida aniqlangan. Hozirda epidemiologik surushtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, yana 1 ta holat Toshkent viloyatida chegara bojxona posti xodimida aniqlangan. Qolgan 6 nafari Karantin markazidagi fuqarolar orasida qayd etildi.

Ayni paytda mamlakatda 2565 nafar koronavirusga chalingan fuqarolar butunlay sog‘aygan. Hozirda 602 nafar bemor davolanmoqda. 3 nafar bemorning ahvoli og‘ir.