TOShKENT, 23-may - Sputnik. Rossiya IIV migrantlarning patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibiga qo‘shimcha izoh berdi.
Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi xavfi munosabati bilan 2020-yil 18-aprelda qabul qilingan Rossiya Federatsiyasi Prezidentining farmoniga muvofiq Rossiya Federatsiyasi hududida chet el fuqarolarining qonuniy bo‘lishi huquqini beruvchi barcha hujjatlar, shu jumladan patentlarning amal qilish muddati 2020-yil 15-iyungacha uzaytirilgan.
Agar patentning amal qilish muddati 2020-yil 15-martdan 15-iyungacha bo‘lgan davrda tugasa, u avtomatik ravishda 93 kunga uzaytiriladi.
Patentning amal qilish muddatini uzaytirish uchun hech qanday to‘lov talab qilinmaydi. Ish beruvchilarning xorijiy fuqarolardan avans to‘lovlarini to‘lashni talab qilishi asossizdir.
Patentga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar ushbu muddat davomida patent rasmiylashtirmasdan mehnat faoliyatini olib borishlari mumkin.